Breaking News

Amerika-O'zbekiston Savdo Palatasi Vashingtonda uchrashdi


O’zbekiston-Amerika Savdo Palatasining yillik yig’ilishida ishtirok etish uchun o’tgan yilgidagidek O’zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoyalar va savdo vaziri Elyor G’aniyev boshchiligidagi delegatsiya keldi. Rasmiylar AQSh kompaniyalari vakillariga O’zbekistonda turli jabhalardagi biznes imkoniyatlar haqida so’zlab berdi. Qurilish va me’morchilik bilan shug’ullanuvchi Ey-Ay-Ey (AIA) kompaniyasi prezidenti Xisham Ashkuri O’zbekistonda biznes qilishdan umidi katta ekanini aytdi.

"O’zbekiston jahondagi muhim davlatlardan biriga aylanishi uchun katta imkoniyatlarga ega. Buning uchun Dubay shahriga o’xshab qurilishni kuchaytirish kerak. Agar O’zbekistonda ish yuritish nasib etsa, infratuzilmali yirik qurilish komplekslari, otellar, tijoriy markazlar, uylarni bunyod etish bilan shug’ullanmoqchimiz," deydi u.

Biroq ayrim ishbilarmonlar savdo palatasi yig’ilishiga O’zbekiston delegatsiyasini tinglash uchun emas, balki O’zbekistonda ish yuritgan AQSh kompaniyalari vakillaridan tajriba o’rganish uchun kelganlarini yashirmadilar. Ular O’zbekistonda AQShning “Nyumont” va “Koskom” kompaniyalari duch kelgan muammolarni misol tariqasida keltirib, respublikada ish yuritishga shoshmasliklarini aytdilar. “Juda kam kompaniya O’zbekistonga borib daromad ko’rmoqda”, dedi ishbilarmonlardan biri.

O’zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor G’aniyev AQSh bilan savdo aloqalari sust ekanini yashirmadi. So’nggi olti yil ichida AQSh sarmoyalari atigi 500 million dollarni tashkil qilgan xolos. O’zbekistonga Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreya kabi asosan Osiyo davlatlari sarmoya kiritmoqda. Biroq vazirning O’zbekiston iqtisodiyotida to’qqiz foiz o’sishga erishilgani haqidagi gapi yig’ilishda ishtirok etgan ba’zi amerikalik ishbilarmonlar tomonidan istehzo bilan qabul qilindi. Biznesmenlardan biri iqtisodiy o’sish sur’ati yuqori davlatda aholining bir necha millioni ish qidirib chetga chiqib ketayotganiga ishora qildi.

Elyor G’aniyev o'tgan bir yil ichida O’zbekistonga taniqli “Maykrosoft” kompaniyasi kelganini va “Boing” bilan kelajakda yana ikkita samolyot sotib olishga kelishilganini aytdi.

Qatorasiga 11-bor o’tkazilayotgan O’zbekiston-Amerika Savdo Palatasining yillik yig’ilishlari navbatma-navbat ikki davlat poytaxtlarida o’tkazib kelingan. Biroq so’nggi ikki yildan buyon yig’ilish AQSh poytaxtida o’tmoqda. Palata a’zolaridan birining aytishicha, yig’ilish Toshkentda o’tkazilgan taqdirda O’zbekistondagi salbiy biznes muhit hamda “Nyumont” va “Koskom”ning ayanchli tajribasidan xabardor AQSh kompaniyalari Toshkentga borish uchun ortiqcha xarajat sarflagisi kelmagan bo’lardi. “Shuning uchun yig’ilishni Vashingtonda o’tkazish maqsadga muvofiq deb topildi va O’zbekistonda chet-el sarmoyalari uchun sharoit o’zgarmasa kelasi yilgi yig’ilish ham AQSh poytaxtida o’tishi mumkin” deydi palata a’zosi.

“Bunday yig’ilishlardan qanday foyda bor” degan savolga u “iqtisodiy foyda yo’q, biroq bu kabi muloqotlar ikki tomonlama aloqalarni ushlab turishga yordam beradi” deb javob berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG