Bishkekda Shanxay-6 harbiy bitim imzoladi


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining Bishkekdagi uchrashuvida harbiy mashqlar bilan bog’liq masalalar muhokama qilingan.

Qirg’iziston mudofaa vaziri matbuot kotibi Aysulu Tekinbayevaning aytishicha, qo’shma harbiy mashqlar o’tkazish bo’yicha Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari o’rtasida bitim imzolangan.

Shuningdek, Rossiyada “Tinchlik missiyasi - 2007” shiori bilan harbiy mashq o’tkazish bo’yicha ikkinchi bitim imzolangan.

Shu yilning avgust oyida Bishkekda o’tishi kutilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga Eron, Pokiston, Mo’g’uliston, Hindiston, Afg’oniston va Turkmaniston prezidentlari bilan bir qatorda BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ham taklif qilingan.

Qirg’iz rasmiylarining ishonishlaricha, sammitda mehmonlar ham, Shanxay tashkilotiga a’zo davlatlar prezidentlari ham to’la tarkibda qatnashadi.

O’shlik siyosiy sharhlovchi G’anijon Xolmatovga ko’ra, sammit arafasidagi dabdaba va as’asa tor doiradagi iqtisodiy manfaatlarni ko’zlab uyushtirilmoqda.

“Sammit oldidan jo’natilayotgan grantlar, pullar, mablag’larning kirib qolishi Qirg’iziston uchun ayni muddao. Buni Qirg’iziston rahbariyati juda yaxshi tushunadi. Maqsad – shu mablag’larni o’zlashtirish,” - deydi siyosiy sharhlovchi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitini o’tkazish uchun olinadigan mablag’lar, siyosiy sharhlovchi G’anijon Xolmatovga ko’ra, sanoqli amaldorlarning manfaatlari uchun xizmat qiladi:

“Qirg’izistonning 2 milliard AQSh dollari miqdorida tashqi qarzi tajribasidan kelib chiqsak, tashqaridan kelayotgan har qanday mablag’ ham qumga singgan suvdek yo’q bo’lib ketishini kuzatish mumkin”.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari keyingi yillarda iqtisodiy, harbiy va xavfsizlik masalalarida hamkorlikka urg’u bermoqdalar. Ammo mutaxassislar nazarida, asosiy maqsad - Rossiya va Xitoy kabi qudratli davlatlarning mintaqadagi salohiyatini kuchaytirishdir.

Siyosiy sharhlovchi G’anijon Xolmatov fikricha, Xitoyning geosiyosiy manfaatlari yon qo’shni – Qirg’izistondan boshlanadi. Rossiya esa, mintaqada AQSh ta’sirini susaytirishga urinmoqda.

“Maqsad – Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiyaning manfaatlarini singdirishdir. Ikkinchi tomonning manfaatlari o’z-o’zidan yo’qqa chiqariladi. [Sammitdan keyin] yangi jug’rofiy siyosat avvalgidan kuchliroq davom etishi kuzatiladi”, – deydi siyosiy sharhlovchi.

Qirg’iziston parlamentining sobiq deputati Alisher Abdumo’minov Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mintaqaviy tizim sifatida faoliyat yuritishiga qarshi emas. Biroq, deydi u, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlat sifatida Qirg’iziston boshqa davlatlar bilan aloqani buzishga shoshilmasligi kerak.

“Amerika [bizga] kerak emas, deb bo’lmaydi. Bizga Amerika bilan ham, Xitoy bilan ham, Rossiya bilan ham, qo’shnilarimiz – O’zbekiston va Qozog’iston bilan [do’stona aloqalar] zarur. Bizga hammasi kerak”, – deydi u.

XS
SM
MD
LG