Yevropa Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini o'zgartirmoqda


Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga nisbatan yangi strategiya bilan chiqmoqda. Mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash – strategiyaning ustuvor yo’nalishlaridan biri. Biroq ittifoq Markaziy Osiyoda demokratik islohotlar va inson huquqlari ahvoliga nisbatan nima qilmoqchi ekani haqida aniq bayonot berganicha yo’q.

Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan yangi srategiya turli sohalardagi hamkorlikni qamrab oladi va ta’kidlanishicha real siyosiy voqelikdan kelib chiqqan holda muloqot yuritadi.

O`zbekistonda ayni paytdagi real siyosiy voqelik rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishni ko`zda tutadi. Norasmiy manbalarga ko`ra, mamlakat tobora diktatura botqo`g`iga botib bormoqda.

Yevropa Ittifoqi strategiyasi zamiridagi asosiy masala iqtisodiy manfaatlar, yangi energetik zahiralarga ega bo`lish ekanligi ekspertlar tomonidan e`tirof etilgan. Yevropa Ittifoqi yangi strategiyasiga ko`ra, dastlabki iqtisodiy yordam tariqasida 700 million yevrodan oshiq mablag` ajratiladi.

Mazkur srategiya bo`yicha hamkorlik O`zbekistonda demokratik islohotlar, inson huquqlari uchun qanday imkoniyatlar ochadi? Bu qadriyatlarga amal qilmaslik hamkorlikka putur yetkazishi mumkinmi?

Siyosatshunos Muqimjon Qirg’izboyev fikricha, bu masalada aynan ittifoq tomonidan o`tkazilgan kuzatuvlarga ko`ra xulosa qilishi kerak. Faqat huquq himoyachilari va dissidentlar tomonidan berilayotgan axborotlarga tayanib qolmasdan.

“Inson huquqlarini ommaviy bo`g`ish uchun SSSR davridagi totalitar tuzum bo’lishi kerak, hozir bunday davlatlar yo’q”, - deydi u.

Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov fikriga ko`ra, O`zbekistonda inson huquqlariga taz’yiqlar to`xtagani yo’q. Aksincha, diniy e`tiqod bo`yicha biror ashyoviy dalillarsiz ham hibsga olishlar davom etmoqda.

"Bo`yniga qo`yilayapti, qiynoqlarga uchratilayapti, protokollarga imzo chekishga majbur qilinmoqda, hatto sudlar yashirin o`tkazib yuborilayapti”, - deydi Ikromov.

Muxolifat vakillari esa Yevropa Ittifoqining demokratik islohotlar bo`yicha hamkorligida iqtisodiy qiziqishlar ustun turadi degan fikrda.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi faoli Nosir Zokir fikricha, Yevropa Ittifoqi inson huquqlari deganda ayrim holatlar bilangina chegaralanib qolmoqda.

“Demokratiya xalq uchun qilinadi, buning uchun hukumat tepasida xalqparvar rahbar bo`lishi kerak. Shunday holatdagina bu strategiyadan foyda bo’lishi mumkin. Inson huquqlari bo`yicha bitta-ikkita huquq himoyachilari qamoqdan ozod etiladi. Yevropa buni O`zbekistonda o`zgarishlar bo`layapti deb baholaydi, bu noto`g`ri, katta o`zgarish bo`lmaydi”, - deydi Nosir Zokir.

“Erk” demokratik partiyasi faoli Bobomurod Razzoqov fikriga ko`ra, Yevropa Ittifoqi hech bo`lmaganda O`zbekistonda amalda bo`lgan qonunlar bajarilishini talab qilishi kerak.

“Respublikada tan olingan konstitutsiya bajarilishini talab qilib turishlari kerak. O`shanda biror o`zgarish bo`lishi mumkin. Konstitutsiyaga ko`ra, muxolif partiyalarning faoliyati belgilangan, biroq amalda ularning faoliyati yo’q qilindi. Hukumat pastdan nazorat qilinmas ekan, bu yerda demokratiya ham bo`lmaydi, inson huquqlari ham ta’minlanmaydi. Agar O`zbekistonda faqat boyliklar emas, bu yerda xalq borligi nuqtai-nazaridan siyosat yuritsa, o`zgarish bo`ladi, lekin hozir bu narsani ko`rmayapmiz”, - deydi Razzoqov.

Mazkur strategiya bo`yicha hamkorlik o`zbek muxolifati faoliyatiga qanchalik imkoniyat berishi mumkin?

Bobomurod Razzoqovning aytishicha, demokratik muxolifatning o`zi tarqoq. Mamlakatda aniq muxolif kuch yo’q. Bunday vaziyatda faqat Yevropa davlatlari yordamidan umid qilish, ularning taktikasining o`zgarishini kutishdan boshqa imkoniyat yo’q.

Nosir Zokirovning so’zlariga qaraganda, qamoqlar va taz’yiqlar ko`rsatilishidan qat`iy nazar, muxolifat mamlakat ichkarisidagi faoliyatini davom ettirishi kerak. Faqat shundagina biror o`zgarish bo`lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG