O'zbekistonliklar chetda ishlash uchun maxsus ruxsat olishi kerak


Iyul oyidan boshlab O`zbekistonda mehnat muhojirlarini ro’yxatga o’lish tizimini takomillashtirish haqidagi qaror kuchga kirdi. Qarorga binoan chetda ishlash uchun O`zbekiston Mehnat vazirligidan tegishli ruxsatga ega bo`lish kerak. Bojxona hujjatlari yangi tartibga ko`ra to`ldiriladi.

Qarorda aytilishicha bu choralar muhojirlarni ro`yxatga olishni takomillashtirish va ularni ijtimoiy himoya qilish uchun amalgam oshirilmoqda.

Hozirda O`zbekiston viloyat va tumanlarida mahalla qo`mitalari orqali qancha odam, qachon va qayoqqa ketganini aniqlash ishlari boshlangan.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha bu tadbir O`zbekistonda kutilayotgan prezidentlik saylovlari arafasidagi nazorat.

“Hukumat prezidentlik saylovi arafasida tashqaridagi muhojirlar biron siyosiy harakatga qo’shilib qolmasin degan xavotirga tushub qolgan. Bu qaror muhojirlarni muhofaza qilishni ko`zlashiga ishonmayman”, - deydi sharhlovchilardan biri.

Rasmiy manbalarga ko’ra O’zbekistondan 800 ming kishi xorijda ishlab oila boqmoqda. Norasmiy manbalarga ko’ra esa aslida saylov yoshidagi 2-3 million o’zbekistonlik chet elga chiqib ketgan.

Farg`onlik kuzatuvchi Abdusalom Ergashevning aytishicha mazkur qarorning ishga tushishi O`zbekistondan noqonuniy ravishda ketayotgan odamlar sonini oshiradi.

“Davlat odamlariga pora berish kerak bo`ladi. Chunki O`zbekistonda tirikchilik qilishni boshqa yo`llari deyarli yo’q. Pora berishga qurbi yetmaganlar esa O`zbekistondan chiqib ketishni boshqacha yo`llarini qidira boshlaydi”, - deydi Ergashev.

O`zbekistondan tegishli hujjatlarsiz chiqib ketgan muhojirlar ayniqsa Rossiyada keskin tazyiqqa uchrashi mumkin.

Yaqinda Rossiya hukumati O`zbekiston bilan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash, mehnat faoliyati va huquqlarni himoya qilsih, shuningdek mehnat muhojirlarini O`zbekistonga qaytarish bo`yicha bitim imzolashni muhokama qilgan.

Bitim imzolangan taqdirda Rossiya O`zbekiston talabiga ko`ra mehnat muhojirlarini o`z vataniga qaytarib yuborishi mumkin.

Yana bir kuzatuvchi, Baxtiyor Isabek, nazarida hukumat aholining katta qismi aynan mehnat muhojirlarining huquqsizlik va xo`rlikka uchrab topayotgan mablag`lari tufayli yashayotganini yaxshi biladi, biroq buni e`tirof qilishga jur’at yoq.

“Ular kim - O`zbekistondagi farovonlik qadrini bilmayotgan odamlarmi yoki muhtojlik oqibatida chiqib ketgan va vatandagi ko`pchilikni boqayotgan kishilarmi? Hukumat bunga aniq baho bergani yoq, biroq buni biladi. Ular muhtojlik oqibatida ketdi degani, demak, bu yerda 16 yildan buyon ko`p narsalarga erishdik deb aytayotgan va’dalarini yolg’onligini ko`rsatadi”, - deydi kuzatuvchi.

Baxtiyor Isabek fikricha muhojirlardan siyosiy kampaniya va saylovlarda foydalanish maqsad qilinmagan. Chunki, deydi sharhlovchi, ovozlar uchun kurash ehtiyojining o`zi yoq.

Ayrim tahlilchilar nazarida O`zbekistondan chiqib ketgan fuqarolar siyosiy jihatdan ancha faol.

Hukumat ko`rayotgan choralar ko`proq siyosiy faollashishni boshlagan o`zbekistonlik muhojirlarni aniqlash va istalgan paytda bosim ko`rsata olishni nazarda tutadi.

XS
SM
MD
LG