Markaziy Osiyoda dehqon qachon yer egasi bo'ladi?


Qirg’iziston va Tojikistonda 1990-yillarda boshlangan yer islohoti kampaniyasidan oddiy bir maqsad ko’zlangan edi, ya’ni dehqonga yerga egalik qilish huquqini berish.

Shuningdek, bu yerda nima o’stirish-u va mahsulotni qanday sotishni o’zi belgilashga yo’l berish.

10 yildan ortiq vaqt o’tibdiki, deydi mutaxassislar, xususiylashtirish jarayoni hamon oshkora emas. Qishloq xo’jaligi qarzga botgan va fermerlar o’z haq-huquqlariidan bexabar.

Qirg’iziston konstitutsiyasiga 1998 yili o’zgartirishlar kiritilib, yerga egalik qilish haqidagi band kiritilgan edi. Yer bozorini barpo etish va uni takomillashtirish uchun Qirg’iziston parlamenti besh qonun qabul qilgan, ammo dehqonning qo’li hali ham bog’langan.

Chinara Arapova – AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalangan Yer Islohoti va Bozor Taraqqiyoti dasturi vakili.

“Qirg’izistonda shahar aholisiga qishloq joylaridagi yerlarni sotib olish huquqini berish lozim, deydi Chinara Arapova. Bundan tashqari, yuridik shaxslarning yer oldi-sotdisida ishtiroki muhim, chunki bunda ipoteka, ya’ni ko’chmas mulkni garovga qo’yib, qarz olish tizimi rivojlanadi”, - deydi yer islohotini olg’a surayotgan dastur xodimi.

AQShning Yer Islohoti va Bozor Taraqqiyoti dasturi Qirg’iziston va Tojikistonda uch maqsadni ko’zlaydi:

1. Hukumatlarga yer islohotiga doir qonun ishlab chiqishda ko’maklashish

2. Malaka oshirish va ommaviy axborot vositalari orqali fermerlarni o’z haq-huquqlari haqida boxabar qilish

3. Fermerlarga o’z huquqlarini himoya qilishda yordam berish

“Fermerlarga yordam, ma’lumot va maslahat berish vazifasini Qirg’izistonda “Demilgechi”, Tojikistonda esa “Tashabbuskor” tizimi bajaradi, ya’ni treyningdan o’tgan mahalliy ko’ngilli faollar”, - deydi Chinara Arapova.

Unga ko’ra, Qirg’izistonda dehqon hozirda mulk egasi ekanini his eta boshlagan. Yer bilan bog’liq mojarolarning 90 foizi, deydi u, ma’lumot yetishmasligidan kelib chiqadi.

Qirg’iziston aholisining taxminan 60 foizi qishloq joylarida hayot kechiradi. Besh milliondandan ortiq aholining uchdan-bir qismi qishloq xo’jaligi bilan tirikchilik qiladi. Qirg’izistonda yerning atigi 10 foizi hosil olishga yaroqli.

"Tojikiston yer islohotining ilk bosqichida. Mamlakatda yerga egalik qilish hali qonuniy kuchga kirmagan, ammo parlamenti yaqinda Yer Kodeksiga o’zgartirishlar kiritdi",- deydi Yer Islohoti va Bozor Taraqqiyoti dasturi rahbari Ketrin Xelm.

“Tojikistonda dehqonlarga ko’proq erkinlik berish ustida hukumat bilan ishlayapmiz. Dehqonlardan ko’proq paxta yetishtirish talab qilib kelinadi”, - deydi mutaxassis.

Ketrin Xelmning aytishicha AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi tomonidan moliyalanuvchi Yer Islohoti va Bozor Taraqqiyoti dasturi O’zbekistonda faoliyat yuritmaydi.

XS
SM
MD
LG