Qirg'iziston ob-hayotni qo'shnilar bilan baham ko'rmasligi mumkin


Muzliklar va suv zahiralariga ega Qirg’iziston 2008 yildan e’tiboran qo’shni davlatlarga yetarli miqdorda suv yetkazib bera olmasligi mumkin.

Mutaxassislar buning sababini keyingi yillarda iqlimdagi salbiy o’zgarishlar, yer yuzida harorat ko’tarilib borayotgani va qurg’oqchilik bilan izohlamoqdalar.

Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi suv-energetika munosabatlari hamda muammolari sobiq Sho’ro Ittifoqi davrida Moskvadan muvofiqlashtirilgan. Masalan, qazilma energetika zahiralariga ega bo’lmagan Qirg’iziston va Tojikiston ehtiyojlari qishki mavsumda O’zbekiston hamda Qozog’istondan keladigan neft’, gaz, ko’mir va mazut hisobiga ta’minlangan.

Mustaqillikdan keyin suv-energetika muammosi qo’shni davlatlar o’rtasida munosabatlarning taraglashuviga yetarlicha hissa qo’shdi. Suv-energetika zahiralaridan unumli foydalanish bo’yicha muayyan siyosat hanuz ishlab chiqilgan emas.

Qirg’iziston milliy fanlar akademiyasi qoshidagi suv muammolari bo’yicha institut direktori Duyshen Mamatqanovning aytishicha, asosiy suv zahiralari va omborlariga ega Qirg’iziston bilan qo’shni davlatlar hisoblashmayapti.

“Har yili biz To’qtag’ul suv ombori-kaskadini O’zbekiston va Qozog’iston ehtiyojlariga muvofiqlashtirish uchun 150 million dollar xarajat qilyapmiz. Bundan 6 millioni suv ostida qolgan 28 ming gektar yer hisobidan, qishda esa, [suv yo’qligi uchun] 50 million dollar miqdorida elektr-energiyasi ishlab chiqarilmayapti. Buni qoplash uchun O’zbekiston va Qozog’istondan ko’mir, mazut, gaz olib kelinyapti. Ekologiya xarajatlari 100 millionga yetib qo’lyapti. Jami 150 million dollar chiqim bo’lyapti”, – deydi akademik Duyshen Mamatqanov.

Mutaxassislar nazdida, qurg’oqchilik yoki suvning ko’p bo’lishi tabiatda bot-bot takrorlanadigan tabiiy ko’rinishdir. Ayni muammoni hal qilish uchun Qirg’iziston “Elekt stantsiyalari” tashkiloti tashabbusiga binoan 2007 yilda O’zbekiston, Qirg’izston, Tojikiston va Qozog’iston yoqilg’i-energetika tarmoqlari hamda suv xo’jaliklari mutaxassislarining uchrashuvlarini o’tkazish rejalashtirilgan. Ammo iyun’ oyi o’rtalarida bo’lib o’tgan uchrashuvda suv-energetika zahiralaridan unumli foydalanish bo’yicha muvofiqlashtiruvchi siyosat ishlab chiqish rejasi amalga oshmagan. Qirg’iz rasmiylari buning sababini qo’shni davlatlardan kelgan mutaxassislar yetarli vakolatga ega bo’lmaganlari bilan izohlamoqdalar.

Akademik Duyshen Mamatqanovning aytishicha, Qirg’iziston toglardan yil sayin oqayotgan taxminan 50 milliard kubometr suvning atigi 15 foizidan foydalanadi. Qirg’izistonlik mutaxassislar ana shu suvni to’plash uchun sarflanayotgan mablag’lar qo’shni davlatlardan undirilishi kerakligini ta’kidlamoqdalar.

Qirg’iziston qishloq xo’jalik vazirligi qoshidagi suv departamenti xodimi Abdiboy Jaylo’baevga ko’ra, 2007-2008 yillarda suv odatdagidan 20 foizga oz bo’ladi. Shu sababli Qirg’iziston 2008 yildan e’tiboran qo’shni davlatlarga yetarli miqdorda suv yetkazib bera olmasligi mumkin.

Suv tabiatning ne’mati ekani, shuning uchun haq to’lanmasligini ro’kach qiladigan, suvdan asosan qishloq xo’jaligida foydalanadigan O’zbekiston hamda Qozog’iston rahbariyatida kelajakda Qirg’izistonga nisbatan norozilik paydo bo’lishi tabiiy.

Shanhay Hamkorlik Tashkilotining avgust oyida Bishkek shahrida o’tishi kutilayotgan sammiti davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari suv-energetika zahiralaridan foydalanish masalasini muhokama qilishlari rejalashtirilgan. Muhokama davomida Rossiya hamda Xitoy kabi qudratli davlatlarning tavsiya hamda yo’riqlari ahamiyatli bo’lishi kutilmoqda.

AQSh elchisi Mari Yovanovich energetika masalalari mintaqa davlatlari mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda hal qilinishi zarur, deb hisoblaydi.

“Menimcha, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa tabiiy boyliklar bilan bog’liq barcha muammolar mintaqa davlatlar o’rtasida hal qilinishi kerak”, – deydi Mari Yovanovich.

XS
SM
MD
LG