Bush-Putin uchrashuvi kelishmovchiliklarga nuqta qo'ygani yo'q


AQShning Kennebunkport shahrida uchrashgan Jorj Bush va Vladimir Putin raketaga qarshi mudofaa tizimi masalasi bo'yicha bir fikrga kela olmadi.

Bush Chexiya va Polshada radar tizimini o'rnatish zarurati haqida gapirgan bo'lsa, Putin bunday tizimni Rossiya xavfsizligiga tahdid deb atadi.

Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar Yevropani Eron raketalaridan himoya qilish uchun Chexiya va Polshada mudofaa tizimini o’rnatmoqchi. Rossiya reja unga qarshi qaratilgan deya qarshilik bildirib kelmoqda.

Germaniyada o’tgan Katta Sakkizlik sammitida Putin muqobil reja sifatida Ozarbayjondagi radar tizimidan foydalanishni taklif etgan edi. Biroq AQSh va NATO Ozarbayjon Eronga juda yaqin joylashgani uchun Erondan chiqarilgan raketalarni u yerdan turib urib tushirish qiyin bo'ladi deb hisoblaydi.

Kennebunkportda Putin AQSh rejasini Rossiya-NATO Kengashi orqali amalga oshirish taklifi bilan chiqdi. Bush taklifni o'rganib chiqishini aytdi.

AQSh rahbari Eron masalasi bo’yicha ikki davlat hamkorlik qilishi kerak, deb hisoblaydi.

"Eron xalqiga e’tirozimiz yo’q," dedi Bush, "biroq xalqaro normalarni pisand qilmayotgan tuzumdan norozimiz."

Muxbirlar bilan uchrashuv chog’ida “Vladimir Putinga hali ham ishonchingiz bormi”?- degan savolga AQSh prezidenti quyidagicha javob berdi:

"Albatta bor. Men unga ishonaman. Uning har bir gapi menga ma’qul bo’lmaganidek, mening ham hamma gapim unga yoqmasligi mumkin," dedi Bush.

XS
SM
MD
LG