Afg'oniston dunyo qoradori manbai bo'lib qolmoqda


Afg’onistonda bu yil ham qoradori hosili katta bo’ladigan ko’rinadi. O’tgan yilga qaraganda ancha ko’p.

AQSh va Britaniya rasmiylari fikricha Afg’onistonda giyohvand moddalar sanoati kengaygan sari Tolibon ham kuchaymoqda.

Bu rivojlanishga kim javobgar va xalqaro hamjamiyat nega kuchliroq choralar ko’rmayapti?

BMT berayotgan ma’lumotlarga ko’ra Afg’onistonda 2006 yilda afyun ishlab chiqarish 2005 yilga qaraganda ikki baravarga oshgan. Afg’oniston- afyun mamlakati.

Jahonda geroinning 90 foizdan ziyodi aynan afg’on dalalarida yetishtirilgan ko’knordan olinadi.


AQSh qoradoriga qarshi kurash idorasi rahbari Jon Voltersning aytishicha, Afg’onistonda dehqon hali ham ko’knor ekishga majbur.

"Ular erkin dehqonlar emas. Nima ekishni ularga yulg’ich yer egalari, dala qo’mondonlari, qabila oqsoqollari va jangari yetakchilar buyuradi. Tolibon peshonasiga o’q niqtab, ko’knor ekasan, deydi. Ekin va dala ular nazoratida. Bo’ysunmasa, dehqon bir qarich yeridan ayrilishi, oilasi bilan o’ldirib ketilishi mumkin", - deydi Volters.


BMT nazarida Afg’onistonning Hilmand viloyati dunyo qoradori sanoati poytaxti. Janubdagi bu mintaqaning katta qismi Tolibon qo’li ostida.


Kim Xovel – Britaniyaning Afg’oniston va narkotik moddalar masalasi bo’yicha vaziri.


"Tolibon va qoradori savdogarlari o’rtasida uzviy aloqa mavjud. Biz ikki orada borayotgan hamkorlik haqida aniq ma’lumotga egamiz. Moliyaviy munosabatlar va tranzit haqida bilamiz. Qoradori sotuvchilar va Tolibon Afg’oniston hukumati va xalqaro kuchlarga qarshi bir manfaatga ega. Ular tinchlik, erkinlik istamaydi",- deydi Xovel.


BMT hisobicha Afg’onistonda afyun hosili o’tgan yili olti ming tonnadan oshgan. Daromad esa uch milliard dollardan oshgan.


Bu daromadning katta qismi Tolibon qo’liga tushgan. Tolibon dehqon va savdogarlardan soliq oladi, biroq ularni hukumatdan himoya ham qiladi, deydi AQSh rasmiysi.

"Hukumat esa na siyosat yuritadi, na qonun ijrosi bilan shug’ullana oladi. Terrorchilar va qabila yetakchilari to’sqinlik qiladi", - deydi Volters.

Xavotirli yana bir tomoni shuki, Afg’oniston qoradori sanoati zamonaviylashib bormoqda. Yashirin laboratoriyalar afyunning 90 foizini geroin va morfinga aylantirishga qodir. Keyin esa import qilinadi.


Bu yil havo qishloq xo’jaligi uchun yaxshi keldi. Biroq bu xushxabar emas. Afsuski, deydi rasmiylar, ko’knor hosili mo’l bo’ladi.

" Afyun savdosi korrupsiyaga asoslangan tizim uchun ayni muddao. Qoradori va korrupsiya esa afg’on jamiyatini yemirib tashlaydi. Bugun bu muammoga qarshi chora ko’rmasak, ertaga hamma uchun kech bo’ladi",- deydi Britaniya rasmiysi Kim Xovel.


AQSh, Britaniya va Afg’oniston ko’knor yetishtirishni yo’q qilish maqsadida ko’plab dasturlar bilan chiqqan: dehqonni kishandan ozod etish, unga imkoniyatlar yaratish, qonun-tartibot bilan ta’minlash va adliya tizimini kuchaytirish.

XS
SM
MD
LG