Breaking News

AQSh mudofaa tizimini Yevropada qurish qarorida qat'iy


Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri muovini Sergey Ivanovning Toshkentda qilgan bayonoti Qo’shma Shtatlarni taajjubga solgan.

AQSh mudofaa tizimi borasida Rossiya shartlarini qabul qilmasa, deydi Ivanov, Rossiya Polsha bilan chegaradosh Kaliningrad oblastiga raketalarni joylashtiradi.

AQSh rasmiylari fikricha, Ivanovning bu chiqishi prezident Vladimir Putin pozitsiyasiga zid. Shu oy boshida Qo’shma Shtatlarga safar qilgan Putin Vashington bilan konstruktiv muloqotga tayyor ekanini aytgan edi.

AQSh Davlat Departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak Ivanovning so’zlarini “ko’ngilsiz va noo’rin” deya ta’riflagan.

AQSh prezidenti Jorj Bush va Rossiya rahbari Vladimir Putin Kennebunkportda masalani muhokama qilgan, biroq bir kelishuvga kela olmagan edi.

Putin Rossiya janbubida yoki Eron bilan chegaradosh Ozarbayjonda radar inshootlarini ochishni taklif etmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays va Mudofaa vaziri Robert Geyts yaqin kelajakda Rossiya diplomatlari va boshqa rasmiylar bilan bu taklifni ko’rib chiqadi.

Biroq, deydi ayrim mutaxassislar, bu – AQSh Polsha va Chexiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatmaydi degani emas. Bush fikricha bu ikki davlat reja uchun mos mamlakatlar. Rejaga ko’ra, tizim 2012 yilda ishga tushadi.

Putin-Bush muzokaralaridan ko’p o’tmay Ivanov nima sababdan bunday keskin bayonot qilgani ko’pchilikni o’ylantirib qo’ygan.

Kelasi yil Rossiyada prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Sergey Ivanov prezidentlikka asosiy da’vogarlardan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG