Breaking News

To'rt milliondan ortiq iroqlik qochqin yordamga muhtoj


Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, hozirda 4 milliondan ortiq iroqlik urush sabab boshpanasiz qolgan yoki vatanni tark etib, qo’shni davlatlarda yashamoqda.

Ikki million iroqlikni qabul qilgan Suriya va Iordaniyaga donor davlatlar yetarli yordam bermayapti, deya bildiradi BMT qochqinlar agentligi. Hozirda iroqlik qochqinlar soni Suriyada – 1.4 million, Iordaniyada – 750 ming kishi, Misrda – 80 ming va Fors ko’rfazi davlatlarida 200 ming kishini tashkil etadi.

BMT sobiq xodimi Vendi Chemberlin qochqinlar qo’shni davlatlar iqtisodiyotiga og’ir tushayotgani, kasalxona va maktablar to’lib ketgani haqida gapirgan.

Eng ko’p qochqinlarni qabul qilgan Suriya va Iordaniyaga millionlab dollar yordam kerak, deya bildirmoqda BMT qochqinlar agentligi. Hozirgacha donor davlatlar 70 million dollar ko’mak bergan, yana 10 million dollar va’da qilingan.

Tahlilchi Nir Rozen Iroq aholisining katta sonda ko’chishini 1948 yilda Isroil davlati barpo etilgach, falastinliklar tushgan vaziyatga qiyoslaydi. Iroq mojarosi yaqin orada Yaqin Sharq mojarosiga aylanishi hech gap emas, deydi u.

BMT qochqinlar agentligi ma’liumotiga ko’ra, Suriyaga ko’chgan millionlab qochqinlarning faqatgina 32 mingga yaqin bolalari maktabga qatnamoqda.

"Iroqliklarning butun bir avlodi bilimsiz, ta’limsiz o’sishi xavfi bor," - deydi BMT vakili Ron Redmond. BMT qoshidagi bolalar jamg’armasi – UNICEF - Suriya, Iordaniya va Livanda yil oxiriga qadar 150 ming iroqlik bolani maktabga qo’yish umidida.

BMTning bildirishicha, aprel oyida Jenevada o’tgan donor davlatlar anjumanida, iroqlik qochqinlarga yordam berish haqidagi ko’plab va’dalar bajarilmagan.

XS
SM
MD
LG