Breaking News

Bir-yarim ming o'zbekistonlik Janubiy Koreyada ish bilan ta'minlanadi


Joriy yilda 1.5 mingga yaqin o’zbekistonlik Janubiy Koreyada ish bilan ta’minlanadi. Buning uchun o’tkazilgan dastlabki test sinovlarini 6 mingdan ziyod fuqaro muvaffaqiyatli topshirgan. Janubiy Koreyada ishlash huquqini qo’lga kiritish uchun qo`shimcha xarajatga ham tayyor turish zarur.

Bu yil nomzodlardan avvalgi yillardan farqli 30 dollardan to`lov yig`ilmoqda. Bu to`lov Janubiy Koreya tomonidan kelgan vakillar tomonidan imtihon o`tkazish xarajatlari uchun belgilangan.

Sinovlarning ikkinchi bosqichida dastlabki suhbatdan o`tgan 6 ming nomzoddan bir ming uch yuzga yaqini tanlab olinadi. 30 dollar to`lov nomzodning imtihondan o’tish-o’tmasligidan qat`iy nazar qaytarilmaydi.

Bu sinovdan o`tganlar esa Koreyaga borish va boshqa tashkiliy xarajatlar uchun davlatga 1 million 200 ming atrofida pul to`laydi. Avvalgi yillari bu mablag’ 900 ming so`m atrofida edi.

Sinov imtihoni natijalari nomzodning koreys tilini qanchalik bilishiga qarab aniqlanadi. Imtihon varaqasini qo`lga kiritgan nomzodlardan biri sinovlar Koreya vakillari tomonidan o`tkazilganda adolatli bo`lishiga ishonadi.

“Koreyaliklar bo`lsa o`tib ketish mumkin, agar o`zimiznikilar o`tkazadigan bo`lsa, bilmadim”, - deydi u.

O`zbekiston mehnat vazirligi 30 dollar miqdoridagi yig’im imtihon o`tkazish xarajatlari ekanini tasdiqladi, biroq Koreyaga yuborish uchun qancha ishchi o`rin borligi haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.

Vazirlik vakiliga ko’ra bu borada to`liq ma`lumotni faqat yozma ravishda qilingan murojaat orqali bilish mumkin.

Janubiy Koreyada ishlash niyatida Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatidan kelgan nomzodlarni ro’yxatga olish poytaxtdagi Shimoliy vokzal binosida o`tkazilgan.

26 iyun kuni Sirdaryodan kelgan nomzodlarni ro`yxatga olish janjal bilan tugagan. Ro`yxatga olish to`xtatib qo`yilgach, o`tishga ulgurmagan odamlar janjal ko`targan. To`polon militsiya yordamida tinchlantirilgan.

Sirdaryolik bir yigitning aytishicha, viloyatdan 180-200 ga yaqin odam olinadi. Nomzodlar ichida avval Koreyada ishlagan yoki tanish-bilishchilik orqali kelganlar ko`p. Imkoniyat ko`proq o`shalarda, deydi u, lekin pul to`lab bo`lsada tavakkal qilishdan boshqa iloj yo’q chunki tirikchilik uchun nimadir qilish kerak.

Yaqinda O`zbekiston mehnat vazirligi respublikada ikki yil ichida bir million atrofida ishchi o`rinlar yaratilgani haqida ma`lumot tarqatgan edi. Ish qidirayoganlar esa rasmiy ma`lumotga ishonmaydi.

“O`zbekistonda oylik qanaqaligini ko’rib turibsiz-ku, uni ham 6-7 oyda bir ko`rasiz. Endi boshga tushganini ko`z ko`radi. Kreditni faqat hokimni bolalari olayotgan bo`lsa, bizga o`xshagan oddiy fuqarolarga bermasa”, - deydi u.

Avval Koreyada ishlab kelgan yigitlardan biriga dastlabki maosh 800 dollar atrofida to`lanadi, keyinchalik esa 1,5 minggacha ham topish mumkin.

“Ro’zg’orimga mashina oldim, uy oldim, mol-hol. Agar bu yerda yurganda tovug`im bo`lishini ham xudo bilardi”, - deydi bu yigit.

Boshqa bir yigit o`zbekistonliklarga munosabat ham Rossiya yoki Qozog’istonda kuzatilayotganidan mutlaqo faqrli ekani haqida gapiradi.

“Koreyaliklar nihoyatda mehmondo’st xalq, Rossiyadagi kabi sen osiyolik degan gap yo`q. Hammaga bir xil munosabat, agar tilni bilsangiz, sizga yanada marhamat qilishadi”, - deydi yana Koreyaga ishga borish harakatida yurgan kishi.

Bu yigitlarning so’zlariga ko’ra, Koreyada ko’rilgan tajribani O`zbekistonda qo`llash va boyib ketish mumkin, faqat O`zbekistonda buning uchun imkoniyat berilmaydi.

“Tovuq, cho`chqa yoki mol fermalarini ochib, u yoqdagidan ko`ra ham yaxshiroq daromad qilish mumkin, faqat mablag’ kerak. Borib pul topib shuni qilaman desangiz, bu yerda yo`l berishmaydi”, - deb ta`kidlashadi ular.

Mustaqil ekspertlar fikricha, mintaqada O`zbekiston eng arzon ishchi kuchi yetishtirayotgan mamlakat sifatida e`tirof etilgan. Sabab sifatida aholi ko`pligi, tirikchilik imkonini beruvchi ishchi o`rinlar yetishmasligi va iqtisodiy rivojlanish kuzatilmayotgani ta’kidlanadi.

XS
SM
MD
LG