AQSh-Rossiya aloqalari chigalligicha qolmoqda


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh rahbari Jorj Bushning so’nggi uchrashuvi oradagi kelishmovchiliklarga yechim topdimi, yo’qmi, bunga javob berishga hozircha erta. Tomonlar Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimi bo’yicha hanuz bir fikrga kelmagan.

AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi, endilikda Karnegi Jamg’armasining Rossiya va Yevrosiyo dasturi direktori Jeyms Kollinzning aytishicha, Bush-Putin uchrashuvidan ko’p narsani kutish kerak emas edi, chunki bu kabi uchrashuvlar ko’p bo’lgan va tez orada yana bo’lishi kutilmoqda.

"Uchrashuv chog’ida fuqaro yadro dasturi bo’yicha hamkorlik qilishga qaratilgan shartnomaga erishildi. Tomonlar strategik qurollanish bo’yicha ham ma’lum kelishuvga keldilar."

Gudzon tahliliy instituti mutaxassisi Deyvid Satter bu kabi uchrashuvlardan foyda yo’q, deb hisoblaydi. Chunki, deydi u, Qo’shma Shtatlar va xususan prezident Bush Putin bilan do’stligidan AQSh uchun naf ololmagan.

"Prezident Bush nazarida AQSh-Rossiya muammolarini o’zaro do’stlik asosida hal qilish mumkin, biroq Bush-Putin aloqalarini do’stlik deb ham atab bo’lmaydi."

Deyvid Satter fikricha o’z vaqtida G’arbga nisbatan qattiqroq siyosat yurgizgan Sovet Ittifoqi bilan hamkorlik qila olgan Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan ham o’zaro manfaatli masalalar bo’yicha til topishishi kerak. Biroq inson huquqlari, demokratiya va matbuot erkinligi masalalariga kelganda, deydi mutaxassis, Qo’shma Shtatlar yon bosmasligi lozim.

"Rossiyada G’arbdan, AQShdan yordamga muhtoj demokratik kuchlar bor. Demokratiya masalalarida Rossiyaga yon berish bilan biz bu kuchlarni kuchsizlantirmoqdamiz."

Sobiq elchi Jeyms Kollinz AQSh ochiqdan-ochiq Rossiya muxolifati tomoniga o’ta olmaydi, deydi.

"Rossiyada muxolifat buni juda ham istaydi, biroq biz bunday qila olmaymiz. Ba’zida ayrim masalalar bo’yicha Rossiya bilan hamkorlik qilish uchun Kremlga qarshi tanqidni kamaytirish kerak. Aks holda AQSh o’z manfaatlarini olg’a surishda qiynalishi mumkin."
Gudzon instituti mutaxassisi Deyvid Satter nazarida Putin Bush bilan yaqin aloqalaridan Rossiya manfaatlarida unumli foydalanmoqda.

"Qo’shma Shtatlar Rossiyaning ichki va tashqi siyosatidagi ayrim harakatlari nomaqbul ekanini aytib turishi kerak, deydi Satter. O’zini xalqaro hamjamiyatga ko’rsatmoqchi bo’lgan Rossiya va haqiqiy Rossiya o’rtasida farq katta."

Deyvid Satter Eronni misol tariqasida keltiradi. O’zini xalqaro hamjamiyatga yaxshi qilib ko’rsatmoqchi bo’lgan Rossiya AQSh kabi Eron yadro dasturini cheklash kerakligini ta’kidlaydi. Haqiqiy Rossiya esa, deydi mutaxassis, Eronga qurol-yarog’ sotmoqda.

"Rossiyaning Eronga sotilgan samolyotga qarshi raketalari endilikda Eron yadro inshootlarini qo’riqlaydi. Hizbullohga ham tankka qarshi qurollarni sotgan Rossiyadir. Suriyaga ham. Qisqasi, Rossiya jahonning xavfli davlatlari bilan do’st bo’lgan."

Sobiq elchi Jeyms Kollinz Rossiya SSSR davridagi qudratini tiklash uchun shunday siyosat yuritmoqda, degan gaplarni inkor etadi. Uning nazarida Rossiyani ko’plab biznes guruhlar boshqaradi va tashqi siyosat ortida ham biznes manfaatlar yotibdi.

XS
SM
MD
LG