Shanxay-6: Xalqaro qonunlarga amal qilinsin


Rasmiy Bishkek 16 avgust kuni o’tishi kutilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitiga jiddiy taraddud ko’ra boshlagan.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Ednan Qoraboyevning aytishicha, sammit kun tartibi a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari tomonidan tasdiqlangan.

“Sammit davomida imzolanishi kutilayotgan hujjatlardan asosiysi bu – Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar o’rtasida uzoq muddatli do’stlik va hamkorlik to’g’risidagi bitimdir. Bu bitim munosabatlarni hujjatli ravishda mustahkamlaydi”. – deydi Ednan Qoraboyev.

Yig’ilishda qatnashgan O’zbekiston, Rossiya, Qozog’iston, Tojikiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Shanxay Hamkorlik Tashkilotining mintaqaviy hamkorlikda o’zgacha ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaganlar. Jumladan, jug’rofiy siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalari bo’yicha tomonlar hamfikr ekanlari urg’ulangan.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Yan Tzechi Bishkekda o’tadigan sammit Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar o’rtasida siyosiy ishonch ortishiga xizmat qilishini ma’lum qilgan.

“Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar BMT va xalqaro munosabatlar me’yorlariga amal qilinishi tarafdoridir. Bu mintaqa, umuman butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hamda taraqqiyot uchun imkoniyat beradi”, - deydi Xitoy bosh diplomati.

Qirg’iziston rasmiylari, mamlakatning tashkilotga raislik maqomidan foydalanib, sammit davomida bir qator tashabbuslarni olg’a surishni rejalashtirganlar.

Qirg’izistonlik siyosatchilar mintaqada suv-energetika zahiralaridan foydalanish, “Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston” temir yo’li qurilishi jarayonini ildamlatish rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish kabi loyihalar mamlakat rivojiga hissa qo’shishidan umidvorlar.

Ammo siyosatshunos O’ro’zbek Moldaliyevning aytishicha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida hamkorlik Xitoy va Rossiya manfaatlari asosiga qurilgan.

Siyosatshunosning aytishicha, bu tashkilot yig’ilishlarida Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida mavjud chegara, suv, yoqilg’i muammolari qayta va qayta tilga olinishiga qaramay, amalda hech narsa qilinmagan.

“Xitoy va Rossiyaning o’z maqsadlari bor. Muhim mintaqaviy muammolar hal qilinmay qolib qoldi”, – deydi O’ro’zbek Mo’ldaliyev.

Markaziy Osiyo Amerika universiteti vitse-prezidenti Baqit Beshimov ham ayni fikrda. Uningcha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xitoy va Rossiya siyosatiga qaram uyushmadir.

“Tabiiy, [bu tashkilotning] bizga ham ancha-muncha foydasi tegadi. Ammo bunga biz ratsional munosabatda bo’lishimiz kerak. Shunday sharoitda bizga AQSh bazasi juda kerak bo’ladi”, – deydi Baqit Beshimov.

Ayrim tahlilchilar nazarida Bishkekda 16 avgust kuni bo’lib o’tadigan sammit davomida AQSh bazasi ham muhokama qilinishi mumkin. Siyosatshunos Jo’lbo’rs Jo’ro’bekov bundan shubhalanmaydi, ammo, uning aytishicha, muhokama rasmiy ravishda emas, yopiq eshiklar ortida o’tishi mumkin.

“Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari AQShning “Manas” aeroportidagi “Gansi” aviabazasi to’g’risida gap ochadilar, bu turgan gap. Rasman e’lon qilinmasa-da, bu masala qaralmaydi degan fikrdan olisman”, – deydi Jo’lbo’rs Jo’ro’bekov.

AQSh Davlat kotibi muovini Richard Boucher iyun’ oyi boshida Bishkekka safari davomida Amerika bazasi masalasi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammitida muhokama qilinishi maqsadga muvofiq emasligini ma’lum qilgan. U “Gansi” bazasi Qirg’iziston va Qo’shma Shtatlar o’rtasida imzolangan ikki tomonlama bitimga asosan faoliyat yuritayotganini, bu masalaga uchinchi tomonning aralashishiga hojat yo’q ekanini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG