Vashington Bishkek bilan orani buzmoqchi emas


So’nggi paytlarda AQSh-Qirg’iziston aloqalari birmuncha taranglashgan. Qirg’izistondagi ayrim siyosatchilar AQShning Bishkekdagi harbiy bazasi yopilsin deya talab qo’ygan.

Ayrim tahlilchilar bu masala 16 avgustda Bishkekda o’tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ko’rib chiqilishini bashorat qilmoqda. AQShning Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovich fikricha esa Vashington Bishkek bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda.

Qirg’izistonda 2005 yilning mart oyida “inqilob” deya atalgan voqealar yuz bergach, sobiq prezident Asqar Aqayev o’rniga davlat tepasi kelgan yangi hukumat siyosatida AQShga nisbatan o’zgarishlar ko’zga tashlandi.

2005 yilda Qozog’iston poytaxti Ostona shahrida o’tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari uchrashuvidan keyin prezident Qurmanbek Bakiyev 2001 yilda Bishkekka joylashtirilgan “Gansi” Amerika harbiy-havo bazasi uchun ijara haqi oshirilishini ma’lum qildi.

O’zbekistondan AQSh bazasi chiqarilib yuborilgandan keyin qirg’iz rasmiylari bilan salkam bir yil davom etgan muzokaralardan keyin amerikaliklar 2006 yilda “Gansi” harbiy-havo bazasi ijara haqi uchun yirik miqdorda mablag’ ajratdi.

Qirg’izistonda amerikaliklar bazasiga nisbatan goh siyosatchilar, goh jamoatchilik tomonidan e’tirozlar yangrab turadi. Bunga AQSh bazasi askarlari va mahalliy aholi o’rtasida sodir bo’lgan noxush voqealar ham sabab bo’lgan.

2007 yilning iyun oyida AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts hamda AQSh davlat kotibining o’rinbosari Richard Baucher Qirg’izistonga kelib ketgach, rasmiy munosabatlar bir qadar izga tushgandek bo’ldi.

Ammo asosan rusiyzabon faollardan iborat guruhlar va qirg’iz parlamentining ba’zi deputatlari tomonidan AQSh bazasiga nisbatan e’tirozlar davom etmoqda.

AQShning Qirg’izistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mari Yovanovich buni tabiiy jarayon deya baholaydi.

“Men [AQSh bazasiga qarshi] barcha namoyishlar va [parlamentda davom etayotgan] muhokamalar demokratik jarayonning bir qismi deb o’ylayman. Masala qanday bo’lmasin, unga nisbatan turli qarashlar bo’lishi tabiiy. Muhokama jarayonida va bahslardan keyin yaxshi bir qarorga kelish mumkin. Biz bu kabi demokratik jarayonni olqishlaymiz”, - deydi elchi xonim.

Mari Yovanovichning aytishicha, AQSh rasmiylari shu yilning iyun oyida Qirg’izistonga tashrif buyurish orqali Qirg’iziston bilan munosabatlar mustahkamlanishiga hissa qo’shganlar.

“AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts hamda AQSh davlat kotibining o’rinbosari Richard Baucherning Qirg’izistonga safari biz qurayotgan muomalaning bir qismi, xolos.

Ayrim tahlilchilar AQSh harbiy-havo bazasi masalasi 16 avgust kuni Bishkekda o’tishi kutilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida norasmiy tarzda ko’rib chiqilishini bashorat qilmoqda.

AQSh davlat kotibining o’rinbosari Richard Baucher iyun oyida Qirg’izistonga qilgan safari davomida bu masala Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar o’rtasida muhokama qilinmasligi shartligini aytgan.

Baucherning fikricha, baza masalasi faqat AQSh va Qirg’iziston o’rtasida muhokama qilinishi zarur, uchinchi tomonning bu masalaga qo’shilishiga hojat yo’q.

AQShning Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovich ikki tomonlama aloqalar uchinchi tomonning aralashuvi bilan sovuqlashishiga ishonmaydi. Chunki, deydi u, AQSh-Qirg’iziston aloqalari ko’p yillar davomida shakllangan.

“Shuni ta’kidlash kerakki, AQSh Qirg’izistonning mustaqilligini ikkinchi bo’lib tan olgan davlatdir (Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligini birinchi bo’lib Turkiya tan olgan). AQSh Qirg’izistonda elchixona ochgan birinchi davlatdir. Qirg’iz va Amerika xalqlari juda chuqur va mustahkam aloqaga ega. Shuning uchun o’zaro aloqalarimiz bir-ikkita noxush voqeadan ko’ra kuchliroq deb o’ylayman”, - deydi elchi xonim.

Mari Yovanovich fikriga ko’ra, Qirg’iziston 2001 yilda aksilterror amaliyotlarini boshlagan xalqaro koalitsiyaga ko’maklashish orqali nafaqat Afgoniston yoki mintaqadagi barqarorlikni, balki o’z xavfsizligini ham ta’minlashga hissa qo’shmoqda.

XS
SM
MD
LG