O'zbekiston Rossiyaning mintaqadagi tayanchiga aylanmoqda


O`zbekiston matbuotida yozilishicha, O`zbekiston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi tayanch nuqtasiga aylanmoqda. Mustaqil siyosatchilar mamlakat iqtisodiy manfaatlari yo’lida davlatlararo hamkorlikni ma’qullasa-da, sobiq imperiyaga tobelikdan ehtiyot bo’lish zarur deb hisoblaydi.

“XXI asr” gazetasida yozishicha, Rossiya O`zbekistonni Markaziy Osiyodagi tanch nuqtasi sifatida ko`rmoqda. O`zbekiston, deyiladi maqolada, bu mavqeni mustahkamlash uchun hamkorlikni keng qamrovda rivojlantirishga tayyor.

Rossiya hukumati bosh vaziri o`rinbosari Sergey Ivanovning tashrifi yakunlariga oid maqolada Rossiya Dumasi deputatlariga va ekspertlari fikriga o`rin beriladi.

Mustaqil kuzatuvchilar Rossiya bilan yaqinlashuv O`zbekistonni siyosiy qaramlik darajasiga tushirib qo`ymoqda degan fikrda.

“XXI asr” gazetasi siyosiy sharhlovchisi Abduvali Soyibnazarovning fikiga ko`ra, aloqalar teng huquqlar va manfaatlar asosida rivojlanmoqda.

“O`zbekiston hukumati mustaqillikdan boshlab hamma mamlakatlar bilan teng asosda hamkorlikni rivojlantirishga intilgan. Lekin Andijon voqealaridan keyin O`zbekistonga axborot xuruji boshlandi. Rivojlanish bo`lmayotgani, xalq turmishi qiyin kechayotgani haqidagi xurujlar bo`ldi. Men bunday fikrlarga qo`shilmayman”.

Rossiya bilan aloqalar xususida u shunday deydi:

“Rossiya O`zbekiston mustaqilligini hurmat qilgan taqdirda hamkorlik rivojlanadi. Masalan, Rossiya Bosh vaziri Fradkovning O`zbekistonga tashrifi mobaynida Chkalov zavodini Rossiyadagi zavod tarkibiga qo`shish haqidagi fikrga O`zbekiston o`z qarshiligini bildirgan”, - deydi Soyibnazarov.

Mustaqil siyosatshunoslardan biri mintaqadagi hozirgi geosiyosat Qozog`iston, Qirg`iziston Tojikiston va Turkmaniston misolida turli yo`nalishlarga tayangan tarzda rivojlanmoqda deya fikr bildirgan.

“Keyingi paytda Turkmanistonning Afg`oniston bilan yuritgan muzokaralari, Qozog`iston tomondan faqat shimol bilan chegaralanmasdan, dunyo bozoriga chiqish uchun borayotgan harakatlar mintaqada imkoniyatlarni kengaytirish tendensiyasi kuchayganidan dalolat bermoqda”, - deydi siyosatshunos.

Abduvali Soyibnazarov fikricha, mintaqaning boshqa davlatlari qudratli kuchlar nog`orasiga o`ynashmoqda, jumladan, mintaqa integratsiyasi tashabbusi ham shunday o`yinlardan biri.

“Fikrimcha, Qozog`iston prezidentining Markaziy Osiyo ittifoqi haqidagi tashabbusi ham aslida AQSh tomonidan bildirilayotgan tashabbus. Avval bu haqda yakuniy qaror bo`lgan edi, lekin keyingi paytda Qozog`iston, Turkmaniston, Qirg`iziston rahbarlarining ma’lum bir siyosiy o`yinga qo`shilayotgani integratsiya jarayoniga halaqit bermoqda”, - deb hisoblaydi Soyibnazarov.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida O`zbekiston mintaqaning boshqa davlatlari kabi Rossiya bilan o`z iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishi mumkin.

“O`zbekistonning nega bunday qilayotganini tushinish qiyin. Lekin oxirgi paytlarda mintaqa miqyosida ham o`zini izolyatsiyalab qo’ymoqda. Garchi ikki tomonlama aloqalar davom etayotgan bo`lsa ham”, - deydi u.

Tolipovning aytishicha, mintaqa integratsiyasi aynan barcha tashqi kuchlarga javoban mustaqil siyosat yurita olishni belgilaydi.

“Mintaqa ittifoqi Rossiyaga nisbatan mustaqil bo`lish imkoniyatini berib, jahonda ham mintaqaning obro`si oshib borishiga xizmat qiladi. Ehtimol, shundan manfaatdor bo`lmagan Rossiya yoki boshqa davlatlar mintaqa integratsiyasiga to`sqinlk qilayotgandir”, - deydi Tolipov.

Ayni paytda Markaziy Osiyo mintaqasida o`z manfaatlarini himoya qilishga kirishgan davlatlar soni kengaymoqda.

XS
SM
MD
LG