AQSh Yaqin Sharqqa nihoyat tinchlik keladi degan umidda


Prezident Jorj Bush Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash borasida xalqaro anjuman o’tkazish tashabbusi bilan chiqmoqda. Vashington Mahmud Abbos yetakchiligidagi Falastin hukumatiga yordamni oshirmoqda.

Prezident Bush Mahmud Abbos hukumatini diplomatik va moddiy tomondan qo’llab-quvvatlash niyatida.

“Prezident Abbos va bosh vazir Fayyod olib borayotgan islohotlarni quvvatlash orqali, Falastin ma’muriyatining mustaqil bir davlat sifatida yuzaga chiqishiga yordam beramiz. Toki Falastin va Isroil dunyo ahliga dushman emas, hamkor davlatlar ekanligini isbotlasin”,- deydi AQSh rahbari.

Bush nazarida Yaqin Sharqda bir-birini tan oluvchi ikki mustaqil davlat – Isroil va Falastin vujudga kelishi uchun imkon bor.

Bush olg’a surayotgan anjuman qachon va qayerda bo’ladi, bu hali noma’lum. Lekin maqsad, deydi AQSh rahbari, Falastin davlati barpo etilishini ta’minlash.

Bushning aytishicha, xalqaro anjumanni AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays boshqaradi.

Bush Falastin xalqini birlashtirish va tinchlikni mustahkamlash maqsadida ko’proq moddiy yordam berishni va’da qilgan. Bu yil uchun 190 million dollar ajratilgan. Falastin xavfsizlik kuchlari uchun esa Mahmud Abbos hukumatiga bevosita 80 million dollar beriladi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Oq Uy va Yaqin Sharq Kvarteti elchisi lavozimiga tayinlangan, Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyr o’rtasida, ayrim xabarlarda aytilayotganidek, hech qanday kelishmovchilik yo’q.

Bleyr shu hafta Portugaliya poytaxti Lisabonda AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT a’zo to’rtlik rasmiylari bilan uchrashadi.

Toni Bleyr Yaqin Sharq to’rtligi elchisi etib tayinlanar ekan, asosiy maqsadi Falastin jamiyatini rivojlantirishga ko’maklashish va shu yo’l bilan mintaqada barqarorlikka erishish ekanini aytgan edi.

AQSh Britaniya sobiq bosh vaziridan ko’p ishlar qilishni kutmoqda.

“Janob Bleyr zehni o’tkir va tajribali diplomat. Mintaqada qanday ishlash lozimligini biladi. AQSh bilan kelishib ishlashiga ishonamiz”,- deydi AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo’yicha muovini Deyvid Velsh.

Davlat kotibasi Kondoliza Rays Amerika nazarida Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatishga ma’sul shaxs.

Bleyrning vazifasi Falastin hukumatiga ko’maklashish va Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash uchun 2003 yilda ishlab chiqilgan rejani jonlantirib, Isroil va Falastin o’rtasidagi ziddiyatlarga yakun yasash.

XS
SM
MD
LG