Korrupsiya ishini ko'rgan sudya Karimovdan iste'fo so'ramoqda


Toshkent shahar jinoyat ishlar sudyasi Zokirjon Isayev korruptsiyaga qarshi jinoiy ish ochib, O’zbekiston hukumatidagi ayrim kishilarni bezovta qilganini, natijada unga nisbatan tahdidlar kuchayganini bildirmoqda.

Isayev tomonidan ko`rilgan jinoiy ishda hukumatdagi yuqori lavozimli amaldorlar qo’shilgani ma’lum bo’lgan. Sudyaning aytishicha bu amaldorlar O`zbekiston prezidenti devoni, prokuratura va huquq-tartibot organlarida ishlaydi.

2006 yilda Ipoteka banki tomonidan berilgan ikki milliardga yaqin so’mning o`zlashtirilgani asosida jinoiy ish ochilgan edi. Sud ishi jarayonida “Toskentyog’moy” kombinati, “Alisher kapital” va “Ipak yo`li” banki kabi korxonalar ishtirokida sodir etilgan boshqa jinoyat alomatlari aniqlangan va Toshkent shahar jinoyat ishlar bo’yicha maslahatxonasi bu holatlar bo`yicha jinoyat ishi ochishga qaror qilgan.

“Yetkazilgan moddiy zararning katta miqdorda ekanligi sabab ba’zi shaxslarga qamoq jazosini tayinlash haqida qaror chiqarildi”, - deydi Isayev.

Shundan keyin Zokirjon Isayev O`zbekiston prezidenti devoniga chaqirilgan.

“Men bu ish yuzasidan prezident devoniga chaqirilishimni hayolimga ham keltirmaganman. Menga prokuratura so`ragan uzoq muddatli jazolarni bir-bir yarim yil farqi bilan hukm chiqarishim zarurligini aytishdi. Men buni qilolmasdim, chunki jinoyat ishlari bilan tasdiqlanmagan. Bu topshiriqlar bajarilmagani uchun bugun menga nisbatan tazyiqlar bo`layapti”, - deydi Isayev.

Zokirjon Isayevning hukmi oradan bir kun o`tib, Toshkent shahar sudi tomonidan bekor qilingan. Hozirda bu ishni Toshkent viloyat sudi ko`rib chiqmoqda. Isayev fikricha viloyat sudi prezident devonidan kelgan buyruqqa qarab qaror chiqaradi.

“Hozir ish Toshkent viloyat sudiga olib ketildi, lekin men aminman, hozirgi sudlanuvchilarni hammasiga sudlov hukmi chiqariladi. “Toskentyog’moy” kombinati, “Alisher kapital” yoki “Ipak yo`li” bankiga nisbatan ish qo`zg`atilmaydi. Qo`zg`atilgan tarzda ham jinoyat alomatlari topilmagani uchun to`xtatiladi. Ularni bu narsani oydin olib chiqishga qurbi yetmaydi”, - deya ta’kidlaydi Isayev”.

Yuqorida ta’kidlangan uch korxona rahbariyati ustidan tergob boshlangach, sudyaga tazyiqlar kuchaygan. Korxonalar uyushgan jinoyatchilar va mansabdorlar hamkorligida boshqariladi deb gumon qilinadi. Sudyaning aytishicha O`zbekistonda korrupsiya davlat organlari va mafiyani birlashtirgan tizim.

“Qayerda ko`rgansiz bularni birlashganini [ko’rasiz]. Qaysi joyda bor bunaqasi? Mana sudlanuvchini o`zi ochiq aytib turibdi, bular davlatning yuqori organlari bilan va ko’cha bilan juda bog’liq deb turibdi. Bu degani mafiya degani. Agar hozir men davlat strukturasidagi falonchiyev mafiya strukturasidagi falonchiyev bilan birga o`tirib, bunaqa qilayapti desam, ertaga yana siz bizni qayerda birga o`tirganimizni ko`rdingiz yoki moliyalashtirganimizni ko`rdingiz degan masala ko`tariladi. Yana Isayev tuhmatchi, jinoyatchiga aylanadi”, - deydi Isayev.

Sudya unga nisbatan tazyiq ko’rsatgan amaldorlar kimligini yashirmaydi: O`zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi A.Nabiyev,(avval O`zbekiston bosh prokurorining birinchi o`rinbosari lavozimida ishlagan) prezident devoni vakillari X.Sodiqov (devonga kelishidan avval Adliya vaziri o`rinbosari lavozimida ishlagan) va O.Murodovlar nomini keltiradi.

“Aslida ularga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilishi kerak edi, lekin tazyiq Isayevga ko`rsatilayapti. Ular hozir ham o`tirishibdi prezident devonida. Isayevga nisbatan esa tazyiqlar ketayapti. U ko`rgan jinoiy ishlar olinmoqda. Jinoiy ishlar yuzasidan shaxslar olib chiqib so’roq qilinmoqda. Isayevning masalasi hal bo`layapti. Isayevning jasadini garajidan topishmoqchi” , - deydi sudya o’ziga ishora qilib.

Sudlar hukumatga mutlaq tobe ekan, Isayev misolida ko’rilayotgan vaziyatlar mamlakatdagi bugungi manzarani yaqqol aks ettiradi.

O`zbekistondagi siyosiy sud jarayonlarini kuzatib boruvchi huquq himoyachisi Surat Ikromov nazarida Isayevning mazkur jinoiy ish yuzasidan qilgan qarori qonunga ko`ra emas, balki hukumatdagi ayrim guruhlar manfaati uchun chiqarilgan bo`lishi ehtimoldan xoli emas.

“Bu milliardlar haqidagi ishda ikkita guruh bor. Bir tomon sudlanayotganlarning jazolanishidan manfaatdor. Ikkinchi tomon esa aksincha ”, - deydi Ikromov.

Sudya Zokirjon Isayevning shaxsi va faoliyatiga ham ur`gu qaratilmoqda. Isayev hozirgacha O`zbekistonda ko’rilgan barcha siyosiy ishlarda qatnashgan sudyalardan biri.

U 1999 yilda Toshkentda yuz bergan portlashlarni tergov qilishda qatnashgan. U paytda bosh prokuraturaning maxsus bo`limini boshqargan.

Isaev diniy e`tiqod bo`yicha o`tgan ko`plab sud ishlarini ko`rgan, Andijon fojeasi bilan bo`gliq jarayonlarda, shuningdek muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi vakillari ustidan o`tgan sud jarayonlarida ham hakamlik qilgan.

Bu siyosiy jarayonlar, kuzatuvchilar nazarida, mutlaq bir tomonlama, qiynoqlar va bosim ostida o`tgan. Isayev esa bu ishlarning siyosiyligini inkor etadi va ularni jinoyat alomatlari asosida ko`rib, xolis hukm chiqarganini takidlaydi.

Shu bois ayrim kuzatuvchilar Zokirjon Isayev shaxsining yuqoridagi kabi yuzaga chiqishini tasodif sifatida qabul qilmaydilar. Aksincha Isayev ko`rgan sud ishi ortida boshqa siyosiy maqsadlar yotgani haqida mulohaza bildiradilar.

Mustaqil kuzatuvchilardan biriga ko`ra, O`zbekistonda amaldorlarning jinoiy tizimlar bilan aloqador ekani yangilik emas. Ular fosh etilgan holatlar ham bo’lgan. Biroq bu bilan O’zbekistonda korrupsiya ildiziga bolta urilmayapti.

“Bu holatlar ko`proq jamoatchilikni chalg`itish, islohotlar xalq uchunligini eslatib qo`yishni maqsad qiladi. Lekin korrupsiyaga ixtisoslashgan avtoritar rejim o`zgarmaydi. Eski [amaldorlar] iste`foga chiqadi, yangi rahbarlar kelib, korrupsiyaga qo’shilaveradi”, - deydi u.

Sudya Zokirjon Isayev O`zbekiston prezidenti Islom Karimov nomiga ochiq xat yozgan. Maktubda Isayev O`zbekiston prezidentidan o`z vazifasini qonunda belgilangan me`yorlarga ko`ra bajarish imkoniyati yo`qligi bois sudyalik lavozimidan iste’foga chiqish uchun ruxsat so`raydi.

XS
SM
MD
LG