AQSh Pokistonga bir milliard dollardan ortiq yordam beradi


AQSh Pokiston hukumatining ektremizmga qarshi kurashini qo’llab-quvvatlash uchun mamlakatga kelasi bir necha yil ichida bir milliard dollar yordam ajratadi. Pulning asosiy qismi Afg’oniston chegarasiga yaqin qabilaviy hududlarda nazorat o’rnatishga sarflanadi.

Bush ma’muriyati rasmiy Islomobodning ekstremistlarga qarshi kuchli chora ko’rishiga ishonch bildirmoqda.

Shu oy boshida Islomoboddagi katta masjid jangarilar tomonidan bosib olinganda, Pokiston armiyasi masjidni kuch bilan ishg’ol qilgan edi. Otishmada 75 kishi halok bo’lgan.

AQSh bosh diplomatlaridan Richard Baucher nazarida masjiddagi jangarilarga qarshi harakat to’g’ri qaror.

Prezident Parvez Musharraf o’tgan yili Afg’onistonga yaqin qabilaviy hudud yetakchilari bilan shartnoma tuzib, hudud nazoratini ular qo’liga topshirgan edi. Ammo rasmiy Islomobod AQSh bosimi ostida Shimoliy Vaziristonda harbiy operatsiyalarni kuchaytirar ekan, qabilalar bitimdan chiqishini bildirgan.

AQSh rasmiysi Richard Baucher prezident Musharrafni olqishlab, uni islohotchi deb ham ta’riflamoqda. AQSh, deydi u, Pokistonga kelasi 5 yil mobaynida 750 million dollar ajratadi. Maqsad – qabilaviy hududlarda odamlar hayotini yaxshilash.

Pokiston armiyasiga ham 300 million dollar yordam ajratish ko’zlangan.

XS
SM
MD
LG