Qo'shinlarni Iroqdan chiqarish hamon munozara ostida


AQSh qo’shinlarini Iroqdan chiqarish kerakmi, yo’qmi? Bu savol AQSh siyosatchilari va mutaxassislari orasida hamon ko’plab munozaralarga sabab bo’lmoqda. AQShning sobiq Mudofaa vaziri va o’tgan yili Iroqdagi vaziyatni o’rganish uchun tuzilgan komissiya a’zosi Uilyam Perri Kongressda Iroq bo’yicha bergan hisobotida Bush siyosatiga tanqidiy ko’z bilan qaragan.

Komissiya o’tgan yili Kongressga bergan hisobotida Iroqdagi vaziyatni ayanchli deb baholagan edi. Komissiya a’zosi Uilyam Perri Bag’dodga qo’shimcha 30 ming AQSh askari kiritilgan bo’lsa ham, ahvol yaxshilangani yo’q, deydi.

"Muammolarga siyosiy yechim topmay vaziyatni yaxshilab bo’lmaydi. Busiz qo’shinlarimiz Iroqdan besh yildan keyin chiqsa ham hech narsa o’zgarmaydi," deydi Perri.

Prezidentning diplomatik strategiyasi juda zaif. Iroq hukumati oldiga shart qo’ymagan strategiya ish bermaydi, deydi u.

Sobiq mudofaa vazirining aytishicha, qo’shinlarni Iroqdan tez olib chiqib bo’lmaydi, aks holda prezident Bush ogohlantirganidek, oqibatlari yaxshi bo’lmaydi.

AQShdagi siyosiy tahlilchilardan biri Fred Kagan AQSh va Iroq qo’shinlarining al-Qoidaga qarshi erishilgan yutuqlarini hisobdan chiqarmaslik kerak deydi.

"Qo’shinlar hozirdan chiqarilsa, Iroq al-Qoida uyasiga aylanadi," deydi u.

Karnegi nomidagi Xalqaro tinchlik uchun jamg’arma prezidenti Jessika Tuchman Matyuz Iroq hukumatining siyosiy irodasini shubha ostiga qo’ymoqda.

"Iroqda hokimiyatga da’vo qilayotgan kuchlar ko’p. Hokimiyatni ular orasida taqsimlab berish kerak. Ular bir hukumat bo’lib ish olib borishlari uchun bir-biriga ishonishni o’rganishlari kerak," deydi u.

Vakillar Palatasining Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi Ayk Skelton qo’shinlarni Iroqdan butunlay chiqarmaslik kerak, biroq askarlar faoliyatini cheklash zarur, deb hisoblaydi.

"Resurslarni al-Qoida kabi guruhlarni yo’qotishga sarflash kerak," deydi u.

XS
SM
MD
LG