O'zbekiston Ombudsmanidan biror naf bormi?


Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, O’zbekistonda inson huquqlari himoyasiga kelganda eng harakatsiz va samarasiz lavozim bu Ombudsman.

Mamlakatda bir qator qonun loyihalari va konferensiyalarda inson huquqlari tilga olingan, lekin bu tashabbuslar har doimgidek qog`ozda qolib ketishi, aniq natija yo’qligi aytiladi.

Toshkentda inson huquqlari bo`yicha vakil - Ombudsman faoliyatiga doir konferensiyada bir necha davlatdan Ombudsmanlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etgan. Unda Ombudsman vakolatini kengaytirish, shuningdek, O`zbekistonda huquq bobidagi o`zgarishlar muhokama qilingan.

O`zbekistonda o`lim jazosini bekor qilish va sudlarga qamoqqa olish vakolatini berish haqidagi qonunlarning tasdiqlanishi - inson huquqlari ta`minlanishida muhim qadam ekani urg’ulangan. Biroq mahalliy kuzatuvchilar bu tashabbuslar ish berishiga shubha bilan qaraydi.

“Sudlar ham, prokuratura ham “Oqsaroy” tomonidan belgilanadi. Shunday ekan, bu tashabbuslar hech narsani o’zgartirmaydi. Shaklan o`zgaradi, mazmunan esa hech narsa o’zgarmaydi”, - degan fikrlarni bildiradi Toshpo’lat Yo’ldoshev.

Keyingi paytda O`zbekiston Ombudsmani Sayyora Rashidovaning bir qator xalqaro tashkilot vakillari, inson huquqlari bo`yicha ekspertlar bilan uchrashuvlar o`tkazgani kuzatilgan. Ombudsman vakillarining viloyatlarga chiqqani, aholi bilan muloqotda bo`lgani haqida ham ma`lumotlar bor.

Ammo mustaqil huquq himoyachilari fikriga ko’ra Ombudsman faoliyati o`z nufuzini yo’qotmoqda. Sabab - Sayyora Rashidovaga yo’llangan shikoyat-arizalarning natijasiz qolayotganidir.

Jizzaxlik huquq faoli Baxtiyor Hamroyevning aytishicha, huquq himoyachilarining Ombudsman bilan muloqot qilish harakatlari samara bermayapti.

“Bir necha yillardan buyon qilgan murojaatlarimizga hech qanday javob berilmagan. Tog`ri, bizga ariza bilan murojaat qilgan odamlar Ombudsmandan javob olishgan, lekin bu javoblarning hammasi bir xil – arizangiz falon tashkilotga yuborildi deyilgan, xolos. Shu bois ham aholi o`rtasida Ombudsmanni “pochtalyon” deb atash urf bo`lgan. U hech narsa hal etolmaydi. Bizning kuzatuvlarimizga ko`ra, Ombudsmanga yozilayotgan arizalar soni qisqarib bormoqda”, - deydi Hamroyev.

Mustaqil kuzatuvchilardan biri, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabatlaridan kelib chiqib, so`nggi paytda hukumat inson huquqlari masalasida qator tashabbuslar ko`rsatayotganini aytadi.

“Bu tashbbuslar haqiqiy vaziyatdan uzoq, yuzaki maqomga ega. Real ahvolni o`rganuvchi huquq himoyachilari jamiyatdan chetlatilmoqda, jumladan Hyuman Rayts Votch [Human Rights Watch] tashkiloti vakilining mamlakatda ishlashiga ruxsat bermaslik ham shu maqsadlarni ko’zda tutadi”, - deydi u.

Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar uzaytirilishidan avval, O`zbekistonga berilgan tavsiyalar qamoqdagi 13 nafar huquq himoyachisini ozod etishni, diniy tazyiqlarni to`xtatishni, huquq bobida amaliy muloqot va ish boshlashni nazarda tutadi.

XS
SM
MD
LG