2020 yilda O'zbekiston aholisi 40 millionga yetishi mumkin


O`zbekiston Davlat Statistika Qo`mitasi ma`lumotiga ko`ra, O`zbekiston aholisining tabiiy o`sishi 2008 yilda 27 million, 2020 yilda 40 million kishiga yetishi mumkin.

Kuzatuvchilar fikricha buning salbiy asoratlarining oldini olish uchun mamlakatda islohotlar amalga oshirilishi kerak.

Ish joylari yetishmayotgan bir sharoitda O`zbekiston aholisining 40 millonga yetishi qanday natijalarga olib kelishi mumkin?

Jamiyatshunos Komron Aliyevning fikriga ko`ra, O`zbekiston tabiiy zaxiralari jihatidan bundan bir necha marta ko’p aholini boqish salohiyatiga ega.

“Keskin oqibatlar bo`lmaydi. Faqat sanoat rivojlantirilgan taqdirda. Korxonalar ishga tushishi, maosh ko`tarilishi kerak. O`shanda odamlar ichki bozorni rivojlantiradi. Yaqin o`n yilda Toshkentda 100-150 ming aholiga rejalangan uy-joylar qurilmayapti. Uy-joy qimmat. Odamlar qizlarini chiqarishga, bolalarini uylantirishga qiynalyapti”, - deydi Aliyev.

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha, bugungi demografik ko`rsatkichlarni tabiiy rivojlanish natijasi deyish xato bo’lar edi.

“Oilani rejalashtirish, tug`ishni sun`iy ravishda cheklash kabi yondashuvlar bor. Bu sobiq kommunistik mafkuradan qolgan usul. Tug`ish, oilani rejalashtirish ishlariga davlatning aralashishiga biz qarshimiz”, - deydi Oripov.

Ta`kidlanishicha, O`zbekiston aholisning o`sishi 1990-yillarga nisbatan qisqara boshlagan. Bunga hukumat yuritgan siyosat va iqtisodiy sharoit o`z tasirini ko`rsatgan.

Kuzatuvchilar nazarida aholi o`sishi mintaqa rivojlanishi nuqtai-nazaridan go’yat muhim. Mintaqadagi umumiy bozor rivoji, sanoat, ishlab chiqarish, qishloq xo`jaligi – bularning hammasi aholi resursini talab qiladi.

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha mintaqa geografiyasi buning uchun g’oyat qulay.

“Aholi ko`payishi iqtisodning o’sishiga xizmat qiladi. Albatta, Xitoy yoki Hindiston singari bir milliard aholiga ega bo`lish kerak emasdir. Lekin O`rta Osiyo davlatlari yetarli ravishda mustaqil rivojlanishi uchun kamida 50-60 million aholi bo`lishi kerak. Buning uchun O`zbekiston o`z aholisini ko’paytirishi kerak. Yoki Markaziy Osiyo konfederatsiyasini tashkil etish, umumiy bozor yaratish kerak”, - deydi Aliyev.

O`zbekiston aholisining eng ko`p qismi Farg`ona vodiysida yashaydi. Vodiy aholi eng zich joylashgan hududlardan biri.

Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalom Ergashev O`zbekiston aholisi azaldan mehnatkash bo`lgan, lekin bugun ana shu xususiyat yo’qolmoqda degan fikrda.

“Agar yaxshi iqtisodiy islohotlar o`tkazilsa, odamlardagi shu qadriyat qaytadi. O`zbeklar mehnatsevar xalq. Bozor rivojlangan taqdirda, ostonasini ham tilladan qilib yuborishi mumkin. Aholi ko`payishi yaxshi islohotlar bo`lgan taqdirda ortiqcha muammo tug’dirmaydi”, - deydi Ergashev.

BMTning aholishunoslik jamg`armasi chiqargan hisobotda O`zbekiston aholisi bugun 27,400 ming, 2050 yilda 40 millionga yaqinlashishi aytilgan.

Jahon Banki hisobicha esa kelasi 20 yilda Qozog`iston aholisi ancha kamayadi. Mintaqadagi qolgan davlatlarda esa o`sadi.

Bank hukumatlarga demografik o’zgarishga tayyor turishni, islohotlar o`tkazishni tavsiya qilmoqda.

Muxolifat vakili Otanazar Oripov O`zbekistonda dastlab davlat boshqaruvi takomillashtirilishi zarur deydi.

“Aholi o`sgan sari davlatchilik rivojlanib borishi kerak. Bizda esa aksincha bo`lmoqda. Davlatchilik zaiflashib borayapti. Jamiyatda degradatsiya kuzatilmoqda”, - deydi Oripov.

XS
SM
MD
LG