Breaking News

Afg'oniston Muhammad Zohir Shohga motam tutmoqda


Afg’onistonning sobiq qiroli Muhammad Zohir Shoh 92 yoshida, Kobulda olamdan o’tdi.

Afg’onistonda 40 yil davomida hukmronlik qilgan Zohir Shoh 1973 yilda uyushtirilgan qonsiz davlat to’ntarishi oqibatida taxtdan ag’darilgan edi.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay o’z xalqiga ta’ziya bildirar ekan, Muhammad Zohir Shohni afg’on xalqining ham do’sti, ham xizmatkori deb atadi.

Prezident Karzay mamlakatda uch kunlik motam e’lon qildi. Davlat idoralarida bayroqlar tushirildi.

1914 yilda Kobulda dunyoga kelgan Zohir Shoh 1933 yilda 19 yoshida taxtga o’tiradi. Shohning 40 yillik boshqaruvi davomida Afg’onistonda yangi konstitutsiya qabul qilinadi, mustaqil va demokratik yo’l bilan parlament saylanadi, ayollar huquqlari targ’ib etila boshlaydi.

Zohir Shoh davri Afg’oniston tarixidagi eng barqaror va tinch zamon deb tilga olinadi. Biroq hukmronligining so’nggiga borib, siyosiy va etnik to’qnashuvlar avj ola boshlaydi. Mamlakat shimoli va markazida minglab odamlar ocharchilik qurboni bo’ladi.

1973 yilda Zohir Shoh o’z qarindoshi tomonidan taxtdan tushiriladi va Italiyadan panoh topadi. 2002 yilda Tolibon hokimiyatdan ag’darilgach u yana Afg’onistonga qaytadi, biroq bu safar oddiy fuqaro sifatida.

Amerika Ovozi ga bergan intervyularidan birida, Zohir Shoh mamlakatda mavjud etnik, diniy va ijtimoiy hilma-xillikka qaramay, xalq bir maqsadda birlashishi lozim, u ham bo’lsa vayron bo’lgan vatanimizni tiklash, degan edi.

Hukumat Afg’onistonning so’nggi qiroli Muhammad Zohir Shohga “Millat otasi” degan ramziy unvon berdi. Zohir Shoh poytaxt Kobul yaqinidagi qabristonga, otasi yoniga dafn etiladi.

XS
SM
MD
LG