Rays va Geyts mushkul topshiriq bilan Yaqin Sharqqa yo'l olmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays kelasi hafta Quddus va Iordan daryosining g’arbiy sohiliga safar qilib, Yaqin Sharqda tinchlik masalasini muhokama qiladi.

Davlat departamenti ma’lumotiga ko’ra, AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts hamrohligida Kondoliza Rays Misr va Saudiya Arabistonida to’xtab, Iroqda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida fikr almashadi.

Mazkur tashrif tufayli Rays Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi – ASEAN forumida ishtirok eta olmaydi. Anjumanda AQSh Davlat kotibining muovini Jon Negroponte ishtirok etadi.

Prezident Bush Rays va Geyts zimmasiga qator topshiriqlar yuklamoqda: arab davlatlaridan boshi berk ko’chaga kirib qolgan Iroq hukumatiga yordam so'rash va Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarini tezlashtirish.

Yaqin Sharqqa safari bois Rays ASEANning Afrikadagi anjumaniga muovini Jon Negroponteni jo’natishga qaror qilgan.

Bu qaror mintaqada ancha tanqid va e’tirozlarga sabab bo’lmoqda.

AQSh Davlat Departamenti matbuot kotibi Shon Makkormakning aytishicha, Kondoliza Rays Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi forumida qatnasha olmasligidan afsusda. Biroq Yaqin Sharq muammosiga yechim topishdan butun xalqaro hamjamiyat manfaatdor. Ayni damda e’tibor aynan shu mintaqaga qaratilishi zarur, deydi Makkormak.

Rays va Geyts Misrning Sharm al-Shayx shahrida Misr va Iordaniya Tashqi ishlar vazirlari, so’ng Jidda shahrida Saudiya Arabistoni ma’murlari bilan ko’rishadi.

Yil oxirida Qo’shma Shtatlar Isroil va Falastin rahbarlari ishtirokida konferensiya o’tkazishni rejalamoqda. Bush ma’muriyati unda arab davlatlari, jumladan, Isroil bilan rasmiy aloqa o’rnatmagan mamlakatlar ham qatnashadi degan umidda.

Jiddaga safardan keyin esa AQSh rasmiylari Quddus va Ramallohga yo’l olib, Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan muloqot qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG