Sharhlovchilar: O'zbekiston Qozog'istondan o'rnak olsin


Jahon Banki hisobicha hozir Markaziy Osiyoda eng ko’p daromad ko’rayotgan va iqtisodiy jihatdan kuchli davlat - Qozog’iston. Biroq O’zbekiston Qozog’iston salohiyatidan foydalanmayapti, o’rnak olmayapti deganlar ko’p.

O`zbekiston va Qozog`iston rahbarlari tashabbusi bilan hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilgan.

Kuzatuvchilar fikricha Qozog`iston ayni paytda dunyoning yirik mamlakatlari bilan teng aloqani yuritmoqda. O`zbekiston esa ko`proq Rossiya bilan cheklanib qolmoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipov O`zbekiston va Qozog`iston aloqalari o’zaro siyosiy befarqlik ruhida kechmoqda degan fikrda.

Uning aytishicha, shu bois ham geosiyosiy sahnada mintaqaviy manfaatlar o`z ifodasini topa olmayapti.

“Markaziy Osiyo davlatlari boshqa davlatlar bilan qanday siyosat olib borishidan qat`iy nazar, mintaqa manfaatlari himoya qilinmas ekan, birortasi yutmaydi. Neft ham, gaz ham yordam bermaydi. Ular faqat buyuk davlatlar ishtirokidagi o`yinlarda ob`yekt bo`lib qoladi. Mustaqil sub`yekt darajasiga ko`tarila olmaydi”, - deydi Tolipov.

Aksariyat o`zbekistonliklar Qozog`istonga ish izlab ketmoqda. Qishloq xo`jalik mahsulotlari uchun Qozog`iston asosiy bozorlardan biriga aylangan.

Ekspert Toshp`olat Yo`ldoshev asosiy muammo bu aloqalarning muttasil davom etishiga kafolat yo`qligida deydi.

“O`zbekiston Qozog’istonning o`ziga bir yilda 200-300 ming tonna qishloq xo`jaligi mahsuloti chiqarish imkoniyatiga ega. Lekin tushunarsiz bir siyosat yuritilmoqda. Bunga dehqonlar ham hayron. O`zbekiston kutilmaganda bir hafta ichida chegarani yopishi mumkin. Dehqon mahsuloti kuyadi. Qozog`iston esa aniq, muttasil, bashorat qilish mumkin bo`lgan savdo aloqalarini yo`lga qo`yish tarafdori”, - deydi Yo`ldoshev.

Ko`p hollarda Qozog`iston va O`zbekiston chegara xizmatlari bir-birini kontrabandaga qarshi yetarli kurashmayotganlikda ayblab keladi.

Yaqinda Qozog`istonda o`zbekistonlik haydovchilar yuk mashinalari bilan birga haydab chiqarilgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, bu haydovchilarga O`zbekistonda jarima solingan va yuk mashinalari musodara qilingan.

XS
SM
MD
LG