AQSh Tehronga yangi sanksiya qo'yishni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar fikricha BMT yadro dasturini tugatishdan bosh tortayotgan Eronga nisbatan qo’shimcha sanksiyalar joriy etishi zarur.

AQSh va unga ittifoqdosh davlatlar Tehronga qarshi sanksiya e’lon qilish ustida jiddiy o’ylanmoqda.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod o’z chiqishlarida “BMT e’tiroziga qaramasdan Eron uranni boyitishda davom etadi” deya bot-bot ta’kidlagan.

Davlat Departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak bu borada shunday deydi:

“Prezident Ahmadinajodning aytishicha, Eron yadro quroliga ega davlatga aylanishni maqsad qilgan. Rasmiy Tehron bu yo’ldan qaytmas ekan, xalqaro jamoatchilik bunga qarshi chora ko’rishga majbur bo’ladi”, - deydi Davlat Departamenti matbuot kotibi.

BMT Xavfsizlik Kengashining oxirgi rezolyutsiyasi dekabrda qabul qilingan edi. Unga ko’ra, Eron yadro dasturida foydalanilishi mumkin bo’lgan xavfli xomashyo va texnologiyaning eksport-importi taqiqlanadi.

Makkormakning aytishicha, Qo’shma Shtatlar yangi sanksiya joriy etish tarafdori.

Fikrimcha, deydi u, BMT Xavfsizlik Kengashi avgust yoki sentyabrda bu masalani hal qiladi. Muammoga qancha tez yechim topilsa, shuncha yaxshi.

Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlik rasmiysi Ernest Petrik, Amerika Ovozi bilan suhbatda, Eron yadro mojarosini diplomatik yo’l bilan hal qilinish mumkin deydi.

“Biz Eron bilan energiya va atom texnologiyasi sohasida hamkorlik qilishni xohlaymiz. Bu g’oyat istiqbolli soha. Biroq avval Eron o’z yadro dasturi tinch maqsadni ko’zlashini isbotlashi zarur”, - deydi atom energiyasi bo’yicha agentlik xodimi.

Agentlik rahbari Muhammad Al-Barodiy Erondan yadro dasturi xususida yangi hisobot kutmoqda. Xulosa shundan keyin qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG