Aholi ishsizlik bois har qanday sharoitda ishlashga tayyor


O`zbekistonda 2004 yilda 1800 dan oshiq odam ish joylarida jarohatlangan. 2005 yilda bu ko`rsatkich ikki mingdan oshgan, 2006 yilda esa pasayish kuzatilgan.

Mutaxassislar fikricha bu pasayish mehnat xavfsizligi sharoitining yaxshilanishi evaziga emas, balki ishlab chiqarish soatlarining qisqarishi hisobiga to’g’ri keladi.

Mehnat xavfsizligi bo`yicha mutaxassis, professor Sunnatilla Sulaymonovning aytishicha, ish joyida jabrlanganlar sonining ko`payishi ish o`rinlarining yetishmasligi bilan bog’liq.

“Chunki ish o`rinlari bo`lmagani uchun odamlar har qanaqa sharoitda ishlashga rozi - uni orqasida 10 ta odam shu joyda ishlashga tayyor turibdi. Jarohat olsa ham, kasal bo`lsa ham, o`sha joyda indamasdan ishlayveradi, yaxshi sharoit talab qila olmaydi. Ish joyi ko`p bo`lsa raqobat bo`ladi, odamlar yaxshi joyni tanlaydi. Yana boshqa sabablari - eskirgan jihozlardan foydalanayotganimiz, ish beruvchilarning yaxshi sharoit yaratishdan manfaatdor emasligi, chunki ish o`rinlarining o`zi kam”, - deydi Sulaymonov.

May oyida Toshkentda Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari ishtirokida iqtisodiyotning barcha sohalarida mehnat xavfsizligi va muhofazasini ta`minlash deb atalgan konferensiya o`tgan edi. Unda tashkilot vakillari O`zbekiston Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi tomonidan keltirilgan ma`lumotlarni shubha ostiga olgan.

Jumladan, mehnat sharoiti tufayli jabrlanayotgan kishilar soni aniqlanmayotgani, to`lov miqdori adolatli belgilanmayotgani aytilgan. Mamlakatda ish o’rinlari yaratilayotgani haqidagi ma`lumotning haqiqatga qanchalik yaqin ekanini tekshirish qiyin.

O`zbekiston mehnat vazirligi so`nggi ikki yilda bir milliondan oshiq ish o`rinlari yaratilganini bildirgan. Sunnatilla Sulaymonov bu ko`rsatkichlar turli choralar, xususan odamlarga qoramol tarqatish orqali yig’ilganini aytadi.

“Shunday yondashuv ham bor: qoramol berib, ish bilan ta`minlash, biroq hatto qoramolni boqish qudratiga ega bo`lmagan oilalar ham bor”, - deydi u.

Nochor qatlamga qoramol tarqatish haqidagi qaror kuzatuvchilar tomonidan samarasiz baholangani bilan birga, bu tashabbusni ish o`rni sifatida qayd etib bo`lmasligi ta`kidlanadi.

Mehnat muhofazasi bilan bog’liq muammolardan biri - ayollar va yosh bolalar mehnatidan foydalanishdir.

Xalqaro mehnat tashkiloti me’yorlariga va O`zbekistondagi mehnat qonuniga ko`ra ham yosh bolalar mehnatidan foydalanish ta`qiqlangan. Ayollar esa 16 kilogramdan ortiq yuk ko`tarish mumkin bo`lgan ishlarga jalb qilinmasligi zarur.

O`zbekistondagi hayot esa bu qonunlarning aksini ko`rsatadi. Yosh bolalar, maktab o`quvchilari, talabalar ommaviy tarzda hokimiyat ko`rsatmasiga ko`ra ishga jalb qilinadi. Kuzatuvchilardan biriga ko`ra bu bolalar sog`lig`iga ta’sir qilishdan tashqari ularning o`qish saviyasini ham keskin pasaytirmoqda.

“O`zi 7 oy o`qish bo`ladi, shundan 4 oyini bolalar paxta chopig`ida, paxta terimida o`tkazishadi. Paxtani sotib huzurini ko`radiganlar boshqa, mehnati esa bolalar bo`ynida. Odamlar bundan norozi”, - deydi u.

Muammo ko`proq hokimiyatlar tashabbusi bilan bog’liq, deydi mutaxassis.

“Mehnat qonunlarida ham ko’rsatilgan - bolalarni dalaga olib chiqish ta’qiqlangani. Qanday ishlar zararli ekanligi, buni o`tirgan hokimlar ham yaxshi bilishadi, biroq bilgan bilan unga rioya qilish ahloqi yetishmaydi.”

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha esa o`quvchilarni paxta ishloviga jalb qilish topshirig’i yuqoridan, hukumat tomonidan beriladi.

Toshkentda o`tgan konferensiyada O`zbekistonda mehnat muhofazasini samarali amalga oshrirish uchun Xalqaro mehnat tashkiloti standart-andozalarini qabul qilish lozimligi aytilgan. Bu taklif hukumat darajasida ko`rib chiqilayotgani haqida ma`lumot bor.

Mutaxassislar fikricha O`zbekiston mehnat muhofazasi bo`yicha xalqaro standartlarni qabul qilgan taqdirda ham, iqtisodiy qiyinchiliklar girdobidagi va ish tanlash imkoniyati bo`lmagan aholini muhofaza qilish ehtimoli juda yiroq.

XS
SM
MD
LG