Yevropa Ittifoqi O'zbekistondagi islohotlarni yuqori baholamoqda


O'zbekiston matbuotida yozilishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatdagi islohotlarni ijobiy baholamoqda. Tanqidchilar fikricha esa siyosiy tuzum o’zgarmas ekan, islohotlardan natija kutish qiyin.

O’tgan hafta O’zbekiston markaziy nashrlarining e’tibori Germaniya Bundestagi deputatining O’zbekistondagi sud-huquq tizimi haqidagi fikrlariga qaratildi.

“Germaniya-Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisining o`rinbosari Volf Bauer Toshkentda, “O`zbekistonda sud-huquq islohotlarining bugungi ahvoli va istiqbollari” mavzuidagi konferensiyada ishtirok etgan.

O`zbekiston markaziy nashrlarining yozishicha, Volf Bauer O`zbekistonda sud-huquq tizimini liberallashtirish va demokratlashtirish, odil sudlov va adolatni qaror toptirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samara berayotganiga guvoh bo`lgani haqida gapirgan.

Bundan sal avval esa O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qo`ygan sanksiyalarini muddatidan avval bekor qilishi mumkinligi haqida bildirgan edi.

Bu holat mahalliy faollar tomonidan xavotir bilan qabul qilingan. Huquq himoyachilari bu borada ochiq bayonot ham e`lon qilgan. Bayonot O`zbekistonda inson huquqlari buzilishda davom etayotgani bois sanksiyalarni kuchaytirish lozimligini ta’kidlaydi.

Bayonot mualliflaridan biri, huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g`liga ko`ra, huquq himoyachilari qamoqda, mahalliy faollarga tazyiqlar, ular ketidan kuzatuvlar kuchaymoqda.

“Qamoqxonadagi vaziyatni o`rganish uchun Xalqaro qizil xoch jamiyatiga kirishga ruxsat berilgani yo’q. Biz bularni tahlil qilib, O`zbekistonga nisbatan nafaqat jazoni olib tashlash, balki uni kuchaytirish haqidagi talablarimizni Yevropa Ittifoqiga yubordik,” - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov nazarida, Yevropa Ittifoqi tomonidan O`zbekistondagi o`zgarishlar baholanishida diktatura alomatlari ko`zdan qochirilmoqda.

“O`lim jazosining bekor qilinishini dunyo bizdan o`rgansa bo`ladi, deb rosa ovoza qilishdi. Aslida esa xavotirli tomoni shundaki, bu qadam orqasida qiynoqlarni yana ham maxfiyroq qilish, yana ham ko`proq qo`llash imkoniyati bor bo`lishi mumkin. Chunki yopiq, ommadan yiroq qamoqxonalr quriladi, qiynoqlarni yashirish imkoniyati kengayadi. Aynan shu barobarida qiynoqlarni to`xtatish uchun hech narsa qilinmayapti. Yevropa bilan bo`layotgan aloqalarda ana shu ijobiy niqoblangan qadamlar ularni yo`ldan urishi mumkin,” - deydi Oripov.

Muxolifat vakillari fikricha O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar rejim o`zgarmas ekan, natija bermaydi.

O`zbek muxolifatining bir qismi, Yevropa Ittifoqi bilan muloqot jarayonida, mamlakatda muxolif partiyalar ro`yxatga olinishi zarur ekaniga ham e`tibor qaratmoqda.

Yevropa Ittifoqining O`zbekistonga nisbatan sanksiyalari Andijon fojeasidan so`ng kiritilgan edi. O`zbekistonga qurol sotishni man etuvchi va Andijondagi namoyishni kuch bilan bostirishda ayblangan rasmiylarning Yevropaga kirishini ta`qiqlovchi bu sanksiyalar keyinchalik biroz yengillashtirilgan tazrda o`z kuchida qoldirilgan edi.

Ba’zilar nazarida, bugungi kunda O`zbekistonni mintaqaga o`z strategik qiziqishini bildirayotgan Yevropa Ittifoqi vositachiligida demokratlashtirish mumkin. Tanqidchilar fikricha esa, aksincha, O`zbekiston bilan boshlangan bu muloqotda sust yondashuv diktatura tuzumini yanada uzaytiradi.

XS
SM
MD
LG