Breaking News

Siyosiy cheklovlar bois Tojikistonda o'zbeklar ona adabiyotdan mahrum


Tojikistonda o’zbeklar milliy adabiyotdan bahramand bo’lmayotgani haqida shikoyat qilmoqda.

O’zbek tilida yozilgan kitob, gazeta va jurnallar, qolaversa shoir-u yozuvchilar ijodi siyosiy cheklovlar sabab ularga yetib bormayotgani aytiladi.

Tojikistonda madaniyat sohasida uzoq yillar ishlagan mutaxassisning aytishicha, bundan 20 yillarcha avval o’zbek kitobxonlari yiliga 1 milliondan ortiq adabiyotni o’qib turar edi. Kutubxonalarda esa o’zbek adabiyoti yillik aylanmasi bundan ikki baravar ko’p bo’lgan.

Tojikistonlik o’zbek ijodkorlari so’zlariga ko’ra bugungi kunda ular adabiyotdan uzoqlashgan va mamlakatda o’zbek adabiyoti targ’iboti ko’ngildagidek emas.

“O’zbek adabiyoti namoyandalaridan ko’plarini bilaman, ammo ularning hech qaysisini o’qiganim yo’q. Bizga u kitoblar yetib kelmaydi, chunki kitoblarni olish uchun Toshkentga borish kerak, borish uchun esa chegaradan o’tish kerak. Faqat mahalliy o’zbek ijodkorlaridan boxabarmiz. O’zbekistondagi yor-do’st bo’lgan adiblarni hech narsasini ko’rmadik ham, o’qimadik ham. Nimani o’qish mumkin, o’qiydigan narsani o’zi bo’lmasa”, - deydi mahalliy ijodkorlar.

Tojikistonlik o’zbek kitobxonlarining aytishlaricha, keyingi yillarda ular mahalliy ijodkorlar - Abdurasul Habibov, Abdurasul Mamadaliyev, Sultonmurod Hojiboyev singari o’zbek shoir va yozuvchilarining asarlari bilan matbuotdagina tanishgan.

Kutubxonachi Zulxumor Sharipova so’nggi 4-5 yil mobaynida o’zbekcha kitoblar miqdori kamayib ketganini aytadi.

“O’zbekcha kitoblarning borlari ham aktga qo’shilib ketgan. Faqat tojikcha-yu, u ham bo’lsa siyosat haqida kitob olyapmiz. Chunki O’zbekiston bilan aloqamiz yo’q, pulimiz alohida bo’lgandan beri na kitob, na gazeta olamiz,” - deydi o’zbek kutubxonachisi.

Xo’jand Davlat Universiteti katta o’qituvchisi Yusufali Shonazarov So'g'd viloyatining Jabbor Rasulov nohiyasida jurnalist Tursunali Aliyev shaxsan o’zi tashkil etgan o’zbek kitob do’koni borligini qayd etadi. Uning fikricha Tojikistonda o’zbek adabiyoti namunalarining ozligi bozor iqtisodi keltirib chiqargan nashriyot qiyinchiliklari bilan bog’liq.

“Kitoblarning nashr adadlari O’zbekistonda ham juda ko’p emas. Kitob chiqarish ham ancha muammo bo’lib turibdi,” - deydi Shonazarov.

O’zbek ijodkorlari asarlarini Tojikistonga olib kelish masalasi, ba’zilar nazarida, elchixonalar orqali yoki hukumat doiralarida hal qilinishi zarur.

“Agar elchixonalarga chiqib murojaat qilsak, ular bizning o’zbek xalqimiz uchun yordam bersalar kerak. Agar davlatlar bir-biri bilan kelishsa bu hal bo’ladigan masala deb o’ylayman,” - deydi kutubxona xodimi.

Kutubxonachi Zulxumor Sharipova Tojikiston o’zbeklarining adabiyotdan sun’iy tarzda ayri qolayotgani yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilishini aytadi.

“Badiiy jihatdan pasayadi. Yurish-turishida, odob-ahloq haqida badiiy adabiyotdan ko’proq tarbiya oladi-da. Shu tomondan saviyasi pasayishi mumkin,” - deydi kutubxonachi.

XS
SM
MD
LG