AQSh yana qiynoqlarda ayblanmoqda


AQShda asoslangan ikki xalqaro tashkilot Bush ma’muriyatini terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni qiynoqqa solayotganlikda ayblamoqda.

Inson huquqlari bo'yicha bu tashkilotlar nazarida AQSh qo’llayotgan so’roq usullari aybi isbotlanmagan mahbuslarni majruh insonlarga aylantirmoqda. Prezident Bush esa bunga ko’z yummoqda, deydi huquq himoyachilari.

O’tgan o’y prezident Bush maxsus qaror chiqarib, Markaziy Razvedka Agentligiga terrorda gumon qilinganlarni so’roq qilishda kuch ishlatishni man qilgan edi.

Cheklovga ko’ra mahbuslarga nisbatan shavqatsiz munosabat to’xtatilishi lozim. Biroq so’roq davomida qanday usullardan foydalanilayotgani razvedka xizmatlari tomonidan hamon sir saqlanmoqda.

Mutaxassislar bu uslublar insonlarga ham ruhiy, ham jismoniy zarar yetkazishini aytib, jarohatlardan tuzalish uzoq vaqt talab qilinishini aytadi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, razvedka xizmati shunday so’roq qilish uslubidan foydalanadiki, jismoniy jarohati yetkazmasdan insonni ruhan parchalaydi.

“Bu uslub oddiy qiynoq texnikasidan farq qiladi, ya’ni kaltaklash, elektr toki bilan qiynash, mahbuslarni osib qo’yishga hojat yo’q. Sizga psixologik ta’sir o’tkaziladi. Ruhiyatingiz nishonga olinadi”, - deydi Shifokorlar Inson Huquqlari Uchun degan tashkilot rahbari Jon Bradsho.

Yana bir mutaxassis, shifokor Skot Allenning aytishicha, bu kabi ruhiy jarohatlarni davolash juda mushkul kechadi.

“Bunday qiynoqlarga duch kelgan odamlar, uzoq vaqt depressiya holatida bo’ladi. Keyinchalik o’z joniga qasd qilishi ham mumkin”, - deydi doktor Allen.

Ruhan ezish texnikasining AQSh harbiylari tomonidan Afg’onistonda, Kubadagi Guantanamo, Iroqning Abu G’arib qamoqxonasida qo’llanishi tanqid ostiga olingach, Pentagon so’roq qilish usullarini qayta ko’rib chiqishga va zo’ravonlikdan voz kechishga ahd qilgan edi.

AQSh armiyasining iste’fodagi generali Stefan Zenakis fikricha dushman AQSh qo’llayotgan usullardan xabardor va hatto bu boradan undan o’rnak ham olmoqda.

“Dushmanlar bu amerikaliklarning usuli ekan, demak, biz ham ularga qarshi huddi shu yo’lni qo’llaymiz, deya o’ylashi mumkin. Askarlarimizni bu bilan xavf ostiga qo’yapmiz”, - deydi iste’fodagi general.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Markaziy Razvedka Agentligi qo’llayotgan so’roq usullari nafaqat xalqaro normalarga, balki AQSh qonunlariga ham zid kelmoqda.

Oq Uy terrorizmda gumon qilinganlarni qiynoqqa solishni, jinsiy tazyiq o’tkazishni va ularga nisbatan boshqa noinsoniy usullarni qo’llashni taqiqlagan.

Markaziy Razvedka Agentligi direktori Maykl Xeyden terrorizmga qarshi kurash va mamlakatni xavfsiz saqlash uchun bu buyruqqa asoslangan holda ish yuritamiz, demoqda. Biroq inson huquqlari tashkilotlari nazarida haqiqat bundan yiroq.

XS
SM
MD
LG