O'zbekistonda muammo ko'p, yechimi ko'rinmaydi


O’zbekistondagi eng jiddiy muammolar – bu poraxo’rlik va korrupsiya deydi professor Temur Alimov. Toki bu muammoga qarshi hukumat kurash olib bormas ekan, u hatto davlat poydevorini siljita oladigan katta kuchga aylanib qolishidan xavotir bildiradi olim.

“Poraxo’rlik va korrupsiya albatta hamma jamiyatda ham bor. Bizning jamiyatimizda juda bo’rttiib ko’rsatilganday tuyuladi. Shu masala bizning eng katta kamchiligimiz, eng katta dushmanimiz bo’lsa kerak, deb o’ylayman. Narx-navo, qimmatchilik – bular hammasi shunga bog’liq-da! Payg’ambarimizning ham Hadislari bor. Aytadiki, pora olgan ham, pora bergan ham, o’rtada turgan ham jahannamga kiradi".

Professorning aytishicha, O'zbekistonda poraxo'rlikka qarshi jiddiy kurash yo’q.

"Hamma gap shunda. Poraxo’rlikka qarshi kurashmasa bo’lmaydi, o’zi tugamaydi u, avj olib ketaveradi. Hamma sohada bor. Masalan, narx-navoni tekshirish o’rniga kelib, pora olib, indamasdan ketaveradi. Bozorda narx-navoning oshib ketishi shu poraxo’rlikka bog’liq. Shunga qarshi davlatimiz jiddiy kurash olib borishi kerak, chunki davlat kurash olib bormasa, davlatning o’ziga ham katta xatar tug’iladi bundan".

Temur Alimovning so'zlariga qaraganda, O'zbekistonning yerosti va yerusti boyliklari ko’p. Boy mamlakat. Paxta, tilla zaxiralari bor. Juda rivojlanib ketishi kerak. Bunga poraxo’rlik va korrupsiya to’siq, deydi olim.

Hamma zamonlarda ham muammolar yetarli bo’lgan. Lekin bu muammolar yechimi insonlarning bir-biriga bo’lgan diqqat-e’tiborida, deb hisoblaydi o’qituvchi Robiya Sodiqova.

“Diqqat-e’tibor bor joyda insonning fikrlari, o’ylari, g’oyalari mudroq bo’lmaydi. Diqqat-e’tibor bor joyda o’zimizga, ota-onamizga, oilamizga, kasbimizga, orzularimizga, davlatimizga, xalqimizga, boy ma’naviy merosimizga, tariximizga, kelajakka, xullas, vatanimizga nisbatan sadoqat barqaror bo’ladi. Ma’rifat bo’ladi. Sadoqat, ma’rifat bor joyda rivojlanish, taraqqiyot yuzaga chiqadi. Xullas, oddiy hodisalar ham e’tiborsizlikdan kelib chiqadi, oddiy baxtsizlikmi, oddiy avariyami, oddiy bir kasallikmi”.

Adabiyotshunos Orif Rahimov fikricha, mamlakatdagi ishsizlik, aholini ish bilan ta’minlash jamiyatning ertasi, istiqbolini belgilaydigan muammo sanalar ekan, eng dolzarb muammo ham shu.

“Ishsizlik muammosini hal qilish juda ko’plab mayda-chuyda muammolarning o’z-o’zidan yechilishiga olib keladi. Afsuski, butun dunyo, o’sha rivojlangan mamlakatlar ham bu muammoni hal qilolmay kelyapti. Sovet tuzumi yemirilgandan keyin O’zbekiston ham xuddi mana shu muammoning girdobiga tushib qoldi. Bu girdob borgan sari kuchayapti. Ayniqsa, qishloqlar, shaharlar, viloyatdagi juda ko’p joylar hozir mana shu ishsizlik girdobi ostida qolgan".

Bundan yoshlar, ayollar, ishlashi zarur bo’lgan, oilani boqishi zarur bo’lgan odamlar qattiq aziyat chekayapti deydi u. Qishloqda, deylik, ishga yaroqli 100 ta odam bo’lsa, shundan 95 tasi bugungi kunda ishsiz.

"Turli tasodifiy ishlarni bajarish yoki shaharga borib mardikorlik qilish, boshqa mamlakatlarga ish izlab borish, o’sha yerda oylab, yillab sarson bo’lib yurish bularning qismati bo’lib qoldi. Mana shu muammo hal qilinsa, demak aholining ishga yaroqli qismi ish bilan ta’minlansa, oilalarning farovonligiga, dasturxonlarimiz to’kinligiga erishiladi. Bu juda katta doiralarda hal qilinadigan ijtimoiy-siyosiy masala. Aholi mehnat bilan ta’minlansa, band bo’lsa, barcha ijtimoiy, ma’naviy, siyosiy, axloqiy muammolarning yechimi o’z-o’zidan osonlashadi”.

O’zbekistonda bozor iqtisodiyoti qiyinchiliklari faqat ilmi bilan hayot kechiradigan ko’p olimlar turmushini ham izdan chiqarib yuborgan. Olima Nafisa Rajabova fikricha, olimlar va ilm-fan ahli hayoti hamda muammolari eng dolzarb muammo sanaladi.

“Hozir qadriyatlarga, ijtimoiy fanlarga ahamiyat yaxshi berilgan. Lekin umuman fan ahliga, olimlarga, ziyolilarga yaxshi e’tibor berishsa... Agar Rossiyaga o’xshab, bularning ijtimoiy hayoti tuzalsa… Bizning davlatimizga bular juda-juda, benihoya foyda keltiradigan qatlam deb bilaman. Hozir olimlarning ijtimoiy ahvolini men yaxshi deyolmayman. Ko’plari chet ellarga ishga chiqib ketishgan. Ko’plari o’zining eng yaxshi ko’rgan sohalarini tashlab, boshqa sohalarga o’tib ketishgan".

Olimlar birinchi navbatta faqat fan bilan shug’ullanishi kerak, ijtimoiy tomoni ta’minlangan bo’lishi kerak deydi olima. Ana o’shanda ilm ahli boshqaga chalg’imaydi.

"Axir respublikamiz kelajakda buyuk davlat bo’ladi, degan shiorimiz bor. Buyuk davlatning bir qismini shu olimlar quradi. Hozir bularning olayotgan ish haqi hayotini o’tkazish uchun yoki fanda bir yutuqqa erishish uchun yetmaydi. Bir xillari fan bilan birga boshqa sohadagi ishini olib borayapti. Ba’zilari chet davlatlardan grant olib ishlayapti ilm sohasida. Lekin, umuman, hamma olimlarni hisobga olganda, hozirgi olimlarning ahvolini men yaxshi deyolmayman”, - deydi olima.

XS
SM
MD
LG