Breaking News

BMT xodimi o'zbekistonliklarni aldagani uchun hibsga olingan


Birlashgan Millatlar Tashkilotida tarjimon bo’lib ishlagan Rossiya fuqarosi odamlarga AQShga kirish uchun viza olishga noqonuniy yo’l bilan yordam berganlikda ayblanib Nyu-Yorkda hibsga olindi. Vyacheslav Manoxin hujjatlarni soxtalashtirish orqali chet elliklarga va xususan o’zbekistonliklarga katta pul evaziga AQShga kelish uchun BMT nomidan taklifnomalar jo’natgan.

Manoxin tayyorlagan taklifnomalarda o’zbekistonliklar AQShdagi turli anjumanlarga taklif etilgan, biroq ularning hech biri anjumanga bormagan va ayrim hollarda bunday tadbirning o’zi bo’lmagan. Ma’lumotlarga ko’ra, Manoxin xizmati uchun har bir kishidan 15 ming dollar olgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti so’zlovchisi Farhon Haq xodimining hibsga olinganini tasdiqladi.

Farhon Haqning aytishicha, BMT bu borada AQSh adliyasi bilan hamkorlik qilmoqda va Bosh kotib buyrug’iga binoan Manoxinning diplomatik daxlsizligi bekor qilingan.

Manoxin Rossiya fuqarosi. Undan tashqari BMTga aloqasi yo’q yana ikki kishi Manoxinga sheriklikda ayblanib hibsga olingan – 2004 yili AQShda siyosiy boshpana olgan rossiyalik Vladimir Derevyanko va o’zbekistonlik Komiljon Tursunov. Manoxin taklifnomalarni BMTning maxsus rasmiy qog’ozida jo’natgani aytilmoqda. Taklifnomani qo’lga kiritgan odam AQSh elchixonasiga viza olish uchun borgan. Soxta taklifnomalarni qo’lga kiritgan 14 kishining to’qqiz nafari viza olishga muvaffaq bo’lgan.

Manoxin ukrainalik olti kishiga shu tariqa Fransiyaga kirish uchun viza tashkillashtirib berganlikda ham ayblanmoqda.

BMT so’zlovchisi Farhon Haqning aytishicha, Manoxin BMT dagi ishidan chetlashtirilgan.

XS
SM
MD
LG