Afg'onistonda tinchlik anjumani o'tmoqda


Bugun Afg’oniston poytaxti Kobulda to’rt kunlik tinchlik anjumani boshlandi. Unda Pokiston va Afg’onistondan yuzlab siyosiy va qabilaviy yetakchilar qatnashmoqda. Anjumanda Tolibon zo’ravonliklariga chek qo’yish va ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni yaxshilash yo’llari muhokama qilinadi.

600 ga yaqin delegat asosan Pokiston-Afg’oniston chegarasida harakatlanayotgan Tolibon va ularga hayrihoh kuchlar faoliyatini cheklashni muhokama qilmoqda.

Ikkala davlat bir-birini zo’ravonliklarning kuchayishida ayblab keladi.

Anjumanni ochar ekan, Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay terrorga qarshi urushda chuqurroq hamkorlik qilish kerak dedi.

Uning aytishicha, ikki davlat maslahatlashib ish ko’rgandagina tahdidni bartaraf qilish mumkin.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, anjuman o’z maqsadiga yeta olmaydi. Pokiston prezidenti Parvez Musharraf mamlakatdagi ayrim muammolar tufayli so’nggi pallada Kobulga tashrifini bekor qilishga majbur bo’ldi. Anjumanda Tolibon vakillari ishtirok etmayapti. Pokiston chegarasida yashovchi ularga hayrihoh qabilalar jirg’ani boykot qilgan. Musharraf o’rniga anjumanda Pokiston Bosh vaziri Shavkat Aziz qatnashmoqda.

Shunga qaramay ba’zi siyosatshunoslar nazarida jirg’a xavfsizlikni yaxshilashga qaratilgan ilk qadam.

Delegatlardan biri, pokistonlik Said Buxoriyning aytishicha, bu kabi yuzma-yuz uchrashuvlar ko’plab muammolarning hal etilishiga olib keladi.

XS
SM
MD
LG