Rossiya yana bir xalqaro harbiy bitimdan chiqmoqchi


Rossiya O’rta masofadagi yadro kuchlari bitimidan chiqishi haqida ogohlantirmoqda.

O’rta masofadagi yadro kuchlari bitimini 1987 yilda AQSh prezidenti Ronald Reygan va Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov imzolagan edi. Bitim 88-yili kuchga kirgan.

Tahlilchi Stiv Andreasenga ko’ra, kelishuv ortidan AQSh va sobiq Sovet Ittifoqi 500 kilometr masofaga ucha oladigan yadroviy va ballistik raketalaridan voz kechgan edi.

1991 yilga kelib, AQSh va Sovet Ittifoqi jami 2,692 raketani yo’q qilgan – jumladan AQSh Pershing-2, Sovet Ittifoqi esa SS-20 qurollaridan voz kechgan edi. Bu raketalarni ishlab chiqarish ham ma’n etilgan.

Ammo endi Kreml, O’rta masofadagi yadro kuchlari bitimida ishtiroki xavfsizlik manfaatlariga to’g’ri kelmasligini bildiryapti. Bunga sabab – qo’shni davlatlarning qurol tizimlariga ega ekani bo’lishi mumkin.

“Shimoliy Koreya, Hindiston, Eron, Pokiston, Isroil kabi davlatlar Rossiyaga yaqin. Rossiya-AQSh o’rtasidagi bitimning, deydi mutaxassis, boshqa davlatlarga ahamiyati yo’q. Bir qancha mamlakatlar o’rta masofaga ucha oladigan raketa dasturlarini rivojlantirmoqda”, - deydi tahlilchi Andreasen.

Tahlilchi Deril Kimbel nazarida Rossiya bayonoti ortida yana bir sabab bor.

“AQSh Polsha va Chexiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatmoqchi. Amerika strategik mudofaa qobiliyatini oshirayotgani Rossiyani tashvishlantiryapti”, - deydi mutaxassis.

Rasmiy Vashington esa tizim Rossiyaga qarshi emas, balki Eron kabi davlatlardan himoya vositasi ekanini aytadi. Kreml bunga ishonmaydi.

Vashington va Moskva o’rtasidagi munosabatlar sovuq bir paytda, Rossiya o’rta masofadagi yadro kuchlari bitimidan chiqsa, bu qurol poygasiga turtki beradi, deydi ekspertlar.

XS
SM
MD
LG