Loya Jirg'a hududga tinchlik olib kela oladimi?


Kobulda to’rt kunlik tinchlik anjumani - Loya Jirg’a o'tmoqda. Unda Pokiston va Afg’onistondan yuzlab siyosiy va qabilaviy yetakchilar qatnashmoqda. Anjumanda Tolibon zo’ravonliklariga chek qo’yish va ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni yaxshilash yo’llari muhokama qilinmoqda. Intizorlik bilan kutilgan Pokiston prezidenti Parvez Musharrafning so’nggi pallada Kobulga tashrifini bekor qilishi ayrim kuzatuvchilarning anjuman natijalariga shubha bilan qarashiga asos bo’lmoqda.

Loya Jirg’a yoki katta qabilaviy yig’in o’tkazish fikri o’tgan yili AQSh, Pokiston va Afg’oniston prezidentilarining Vashingtondagi uchrashuvidan so’ng tug’ilgan edi.

Bu bilan tomonlar Afg’oniston va Pokiston o’rtasidagi og’zaki tortishuvlarga chek qo’ymoqchi bo’lgan, chunki har ikki davlat bir-birini Tolibon va al-Qoida jangarilariga qarshi yetarlicha kurashmayotganlikda va ekstremistlarga o’z hududidan boshpana topishiga to’sqinlik qilmayotganlikda ayblab keladi.

Musharrafning anjumanda ishtirok etmasligiga rasmiy sabab qilib prezidentning Islomobodda zarur davlat ishlari chiqib qolgani ko’rsatildi.

Pokistonlik sobiq diplomat, ayni damda Boston universitetida Xalqaro aloqalar markazi direktori Husayn Haqqoniyning aytishicha, Musharraf bu bilan qisman AQShdan noroziligini bildirgan bo’lishi mumkin.

"Mamlakatidagi siyosiy muammolar talaygina. Mavqei zaif. Musharraf terrorga qarshi urushdagi siyosatini so’nggi paytda tez-tez shubha ostiga qo’yayotgan AQSh va Afg’oniston rahbarlaridan xafa. Uning Kobulga bormasligiga shu omillar sabab bo’lishi mumkin," deydi mutaxassis.

Musharraf bu kabi tanqidlarni samarasiz deb ataydi. Tahlilchilar nazarida Pokiston Kobuldagi hukumatdan ham ranjigan. Yaqinda AQShga tashrif buyurgan Pokistonning Baluchiston viloyati hokimi Uvays Ahmad G’ani Karzay hukumati keskin tanqid ostiga olgan.

"Kobuldagi hukumat Karzayning zaif siyosiy va qabilaviy mavqei tufayli ma’muriy jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham oqsamoqda."

Hokim Afg’onistonda yangi siyosiy va ijtimoiy tizim bo’lishi va unga Tolibon jalb etilishi kerak, deb hisoblaydi.

Tolibonni al-Qoidadan ajrata bilish kerak, deydi u.

Biroq Boston universiteti professori Husayn Haqqoniy ikki guruh o’rtasida hech farq yo’q deb hisoblaydi.

Uning aytishicha, Tolibonning bir qismi al-Qoida bilan hamkorlik qiladi. Ularning orasidagi farqni topish bilan Afg’oniston yoki Pokistondagi terrorizm muammosini hal qilib bo’lmaydi, deydi u.

XS
SM
MD
LG