AQSh Afg'onistonda narkotiklarga qarshi yangicha kurashmoqchi


Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashning yangi, yanada kuchli strategiyasini e’lon qildi. AQSh rasmiylari Afg’onistonda afyun yetishtirish sur'ati oshayotganini tan olish bilan birga unga qarshi kurashda ma’lum yutuqlarga erishilayotgani haqida gapirmoqda.

Qo’shma Shtatlar, Britaniya, NATO va Afg’on hukumati bilan hamkorlikda tatbiq etilayotgan narkotiklarga qarshi kurashning yangi strategiyasiga muvofiq afyun o’rniga boshqa hosilni yetishtirgan dehqonlar rag’batlantiriladi, qoradori ekkanlar va uni sotganlarga qarshi qattiqroq choralar ko’riladi.

Jahonda yetishtirilayotgan qoradorining 90 foizi Afg’onistonga to’g’ri keladi. Asosan janubdagi Hilmand viloyatida va Tolibon kuchli hududlarda noqonuniy biznesning bu turi avjiga chiqqan.

Mamlakat shimolida esa bunday muammo yo’q. Yangi strategiyada muqobil ekin ekayotgan dehqonlarga yordam ko’zda tutilgan.

AQSh Davlat kotibining narkotiklarga qarshi kurash bo’yicha muovini Tomas Shvaysning aytishicha, narkotiklarni yetishtirish va savdosi bilan shug’ullanayotgan odamlarga jangarilar bilan bir xil munosabatda bo’linadi, chunki razvedka ma’lumotlariiga ko’ra, Tolibon jangarilarining so’nggi paytdagi muvaffaqiyatlariga narkobaronlar sababchi. Qoradori savdosidan tushayotgan pul jangarilar qo’liga ham tushmoqda.

Yangi strategiyada afyun dalalarini yo’q qilish choralari ham o’rin olgan.

Narkotiklarga qarshi kurash bilan shug’ullanuvchi yana bir AQSh idorasi rahbari Jon Uoltersning aytishicha, qoradori mamlakatda korrupsiyaning kuchayishiga ham sabab bo’lmoqda. Dehqonlardan tashqari hukumatda o’tirgan va qoradori savdosidan foyda ko’rayotgan rasmiylarga ham qarshi kurashish kerak, deydi u.

Afg’onistonda narkotiklarga qarshi kurash uchun Qo’shma Shtatlar yiliga 600 million dollar sarflaydi.

XS
SM
MD
LG