Shoir Yusuf Juma o'g'lini ozod etishni talab qilib piket o'tkazyapti


Tanqidiy she'rlari bilan tanilgan shoir Yusuf Juma o'g'rilikda ayblanib hibsga olingan og'li Mashrab Yunusovni ozod etishni talab qilib, Qorako'l tumani huquq-tartibot organlarini oilaviy tarzda piket qilishda davom etmoqda.

Shoirning aytishicha, Qorako'l tuman prokuraturasi oldidagi piket paytida uning oilasiga noma'lum kishilar tashlangan.

"Bir guruh formasiz odamlar tashlandi. Ular plakatlarimizni tortib oldilar, xotinimni kaltakladilar, fotoapparatni sindirib tashlashdi va piket qilayotgan joyimizdan ketishga majbur qilishdi. Lekin bugun biz piketni yana davom ettirayapmiz", - deydi Yusuf Juma.

Ayni paytda shoirning qo'y o'g'irlaganlikda ayblanayotgan o'g'li Mashrab Yunusovga nisbatan tergov ishlari yakunlangan. Rasmiy ayblov e'lon qilingan, ish sudga oshirilgan.

“169 moddaning ikkinchi qismi bilan ayblov e`lon qilindi. Hozir shunday bo'layaptiki, Qorako'l tuman sudi ishni ko'rmayman deb, ta'tilga chiqib ketgan. Hozir Olot tuman sudiga o'tkazilgan. O'g'limni ahvoli og'ir, o'zi nogiron, advokatsiz ikki kun tergov qilishgan, och qo'yishgan, non berishmagan, kaltaklashgan. Uchinchi kun advokat ko'rgan, devorlar qon bilan bo'yalgan deydi. Hozir shunday og'ir ahvolda turibmiz”, - deydi Yusuf Juma.

Shoirning aytishicha, o'g'li Mashrab qo'yni bergan qarzi hisobiga olgan. Bu haqda qo'y egasining huquq-tartibot organlariga bergan tushuntirish xati ham mavjud.

Mazkur ish yuzasidan da'vo arizasi bildirilmagan bo'lsada, huquq-tartibot organlari jinoiy ish qo'zg'atish, shoirning o'g'lini hibsga olishga qaror qilgan.

Yusuf Juma fikricha bu tazyiqlar uning faoliyati, hukumatni tanqid ostiga olgan ijodi bilan bog'liq.

XS
SM
MD
LG