Breaking News

Genri Kissinjer AQShni Rossiya bilan hamkorlikka chaqirmoqda


AQSh sobiq Davlat kotibi, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati 84 yoshli Genri Kissinjer “Vashington Post” gazetasi uchun AQSh-Rossiya aloqalari haqida maqola yozdi. Unda asosan ikki davlat o’rtasidagi xavfsizlik masalalari yoritilgan.

Maqolada Genri Kissinjer so’nggi paytda AQSh va Rossiya o’rtasida Yevropada mudofaa tizimini o’rnatish rejasi bo’yicha tortishuvlarga to’xtaladi. Qo’shma Shtatlar tizim orqali o’zini va Yevropani Erondan himoya qilmoqchi ekanini aytsa, Rossiya Eronga AQShga hujum qilish uchun hali kamida yana 10 yil borligini va tizim aslida Rossiyaga qarshi qaratilganini ta’kidlaydi. Bunga javoban Rossiya ayrim xalqaro harbiy shartnomalardan chiqishini bildirib, harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda. AQSh va Rossiyaning o’zaro reja va niyatlarini o’zicha talqin qilishi Sovuq urushni eslatadi.

Amerika ovoziga bergan intervyusida Genri Kissinjer bu davlatlar bir-biriga tahdid emas, deydi.

"Ular turlicha qarashlarga ega bo’lishi mumkin, biroq bu qarashlar ularni tahdid darajasigacha ko’tarishga yetarli emas," deydi Kissinjer.

Uning nazarida ularga ko’plab boshqa omillar rahna solmoqda.

"Yadro qurollarining tarqalishi kelajak uchun tahdid. Radikal jihodchi guruhlar ayni damdagi tahdid."

Genri Kissinjer ikki davlatni raqobatga emas, hamkorlik qilishga chaqiradi. Sobiq davlat kotibi Rossiyaning Eron tahdidiga birgalikda javob qaytarish, xususan AQSh va NATO mudofaa tizimini Rossiya tizimiga biriktirish, radarni Chexiyaga o’rnatmasdan, Ozarbayjondagi mavjud radardan foydalanish taklifiga alohida urg’u beradi.

"AQSh va Rossiya bir-biri bilan raqobatlashishdan naf ko’rmaydi. Muhimroq tahdidlar bor, ularni hamkorlikda bartaraf qilish kerak."

Genri Kissinjer Xitoyni ham hisobdan chiqarmaslikni taklif qiladi.

"AQSh Rossiya bilan hamkorlikda nima qilsa, Xitoy bilan ham shunday qilishi kerak."

Maqolada ham, intervyusida ham AQShda obro’li siyosatchilardan sanalgan Genri Kissinjer Oq uy va Kremlga ajoyib tarixiy imkoniyatdan foydalanishni, umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilishni taklif etadi.

XS
SM
MD
LG