Qozog'istonda gazetaning egasi yangi bo'ldi, lekin nomi o'zgarmadi


AQShning “Vashington Post” gazetasiga ko’ra, Qozog’istonda prezident Nazarboyevning sobiq kuyovi Rohat Aliyevga qarashli gazeta yopilib, uning o’rniga xuddi shu nom bilan yangi gazeta ish boshlagan. Gazeta egalari ham yangilangan.

“Vashington Post”ga ko’ra, Nazarboyevning kuyovi bilan aloqasi yomonlashgach, unga tegishli mulk musodara qilingan, “Karavan” gazetasi esa yopilib, xuddi shu nom bilan yangi gazeta ochilgan va unga prezidentning sobiq matbuot kotibi Janay Omarov egalik qilmoqda. Eski “Karavan”ning 800 ga yaqin xodimlaridan aksariyati yangisiga o’tgan. Biroq muxolifatdagi “Respublika” gazetasining muharriri Galina Dirdinaning “Vashington Post”ga aytishicha, intellektual mulk huquqi buzilgan.

Qozog’iston Rohat Aliyevni Avstriyadan ekstraditsiya qilinishiga umid qilayotgan bir paytda, rasmiy Vena “yo’q” deb javob bergan. Avstriya fikricha, Aliyev o’z mamlakatida adolatli sud qilinmasligi mumkin. Gazetaning yozishicha, Avstriya qarori rasmiy Almatini shoshirib qo’ygan, chunki so’nggi paytda Qozog’iston o’zini G’arb tamoyillariga tayangan demokratik davlat qilib ko’rsatishga urinmoqda.

Qozog’istonda so’z erkinligi himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Odil so’z” tashkilotining direktori Tamara Kaleyevaning aytishicha, mamlakat qonunchiligi bir-biriga juda o’xshash ikkita nashrni ro’yxatdan o’tkazishni man qiladi. Bu bilan, deydi u, yangi “Karavan”ni ro’yxatdan o’tkazishda qonun buzilgan.

XS
SM
MD
LG