Breaking News

AQSh-Hindiston yadro bitimi Xitoy qudratini cheklashga qaratilgan


Vashington-Dehli o’rtasidagi bitimga muvofiq, AQSh Hindistonni atom yonilg’isi va texnologiya bilan ta’minlaydi. Ammo kelishuvni ikkala davlat parlamenti hamda atom savdosini nazorat qiluvchi xalqaro konsorsium ma’qullashi lozim.

Hindiston yadro quroliga ega davlatlar qatoriga qo’shilganiga 30 yildan oshdi. Mamlakat 1974 yilda birinchi yadro sinovini o’tkazgach, AQSh va Kanada rasmiy Dehli bilan atom hamkorligini to’xtatgan edi.

Hindiston, qo’shnisi Pokiston singari, yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi xalqaro bitimni imzolamagan bo’lsa-da, AQSh bilan atom sohasida hamkorlik qilishga erishdi. Ba’zi olimlar nazarida AQShning Hindistonga bunday takalluf ko’rsatishi ortida Xitoyning kuchayib borayotgani sababdir.

“Hindiston AQShga Xitoy qudratini cheklashda hamkorlik va’da bergan,” - deydi olim Gari Seymor.

Hindistonning Eron bilan harbiy hamkorligi ham AQShni tashvishga solgani aytiladi.

“Diplomatik aloqalar o’z yo’liga, ammo harbiy hamkorlik va savdo ba’zi davlatlarni tashvishga solmay qo’ymaydi,” - deydi tahlilchi Genri Sokolski.

Oq uy rasmiylari Hindiston-Eron orasidagi hamkorlikka uncha e’tibor qaratmaslikka urinmoqda. AQSh Davlat kotibi muovini Nikolas Berns bundan xabarimiz bor, Eron bilan harbiy hamkorlik qilayotgan davlatlarga bas qilishni maslahat beramiz, deydi. Uning aytishicha, Tehron-Dehli harbiy aloqalari bo’rttirib ko’rsatilyapti.

Lekin AQSh qonunchilarini bunga ishontirib bo’larmikan?

Tahlilchi Genri Sokolski fikriga ko’ra, qonunchilar Hindiston bilan bitimni ma’qullashdan oldin, rasmiy Dehlidan Eron bilan harbiy rishtalarni uzishni talab qilishi mumkin.

AQSh-Hindiston yadroviy bitimi, shuningdek, atom texnologiyasi savdosini nazorat qiluvchi xalqaro guruh tasdig’idan o’tishi lozim.

Xitoy, deydi olim Seymor, istar-istamas Hindistonning AQSh bilan yadroviy hamkorlik qilishiga rozilik beradi, chunki rasmiy Pekin Dehli bilan ham do’stona munosabatlarini saqlab qolmoqchi.

Hindiston qonunchilari orasida ham AQSh bilan yadroviy hamkorlikka qarshi chiqib, bitimni bekor qilishga chaqirayotganlar ko’p. Ular nazarida kelishuv natijasida AQShning Hindiston tashqi siyosati ustidan nufuzi oshishi mumkin.

Ammo Bosh vazir Manmoxan Singx AQSh bilan atom hamkorligi xalqaro sahnada Hindiston mavqeini oshiradi, deb ta’kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG