Breaking News

AQShda Xitoyda ishlab chiqarilgan o'yinchoqlar sotuvdan chiqarilyapti


AQShdagi eng katta kompaniyalardan biri xaridorlardan Xitoyda ishlab chiqarilgan o’yinchoqlarni topshirishni so’ramoqda. Mattel korporatsiyasi o’tgan hafta ham bir-yarim million o’yinchoqni sotuvdan chiqargan edi.

Korporatsiyasi bu safar xaridorlardan 9 million o’yinchoqni kompaniyaga topshirishni so’ramoqda. Ularni ishlab chiqarishda zaharli bo’yoqdan foydalanilgani va bolalarga xavfli deb ta’riflanayotgan magnit borligi aytiladi. O’yinchoqlarning barchasi Xitoyda ishlab chiqarilgan.

AQSh Mahsulot Xavfsizligi komissiyasi vakili Nensi Nord, o’yinchoqlarga biriktirilgan magnitni bolalar yutib yuborishi mumkin, deydi. Bo’yoqdan zaharlanish yoki o’lim hollari hozircha kuzatilmagan, deydi komissiya vakili, ammo xaridorlar o’yinchoq sanoatiga ishonmay qo’yishi xavfi bor.

9 million o’yinchoqning chaqirib olinishi albatta katta son, deydi Nord. AQShda har yili Xitoyda ishlab chiqarilgan yuzlab million o’yinchoq sotiladi. Ularni ishlab chiqarishda ishlatilgan bo’yoq bolalar miyasini zaharlashi mumkin. Yaqinda bunday o’yinchoqlarni chiqargan Xitoy kompaniyasi rahbari o’z joniga qasd qilgan.

Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifati ko’pchilikni tashvishga solmoqda. AQShdagi o’yinchoqlarning 80 foizi Xitoyda ishlab chiqariladi.

XS
SM
MD
LG