Xavfsizlik va energetik hamkorlik Shanxay-6 sammitida bosh mavzu


Qirg’iziston poytaxti Bishkekda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) oltinchi sammiti bo’lib o’tdi.

Sammitda jami 8 hujjat, jumladan uzoq muddatli qo’shnichilik, do’stlik va hamkorlik, bank, madaniyat sohalarida hamkorlik shartnomalari imzolangan.

Mezbonlik qilayotgan Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev yig’ilish natijalaridan mamnun ekanini ma’lum qilgan.

“Biz 2006 yilda Shanxay shahrida o’tgan sammitda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun o’tgan davr davomida samarali faoliyat olib borilganini qoniqish bilan qayd etdik. Kelgusida ShHT doirasida turli yo’nalishlarda hamkorlik qilish bo’yicha qarorlar qabul qildik”, - deydi prezident Qurmanbek Bakiyev.

U Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li qurilishi mintaqa iqtisodiyoti rivoji uchun muhim ekanini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham yig’ilish natijalaridan mamnun ekanini aytarkan, Afg’oniston muammosiga e’tibor qaratgan. Uningcha, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda ShHT ahamiyati kuchaymoqda.

“ShHT davlatlari Afg’oniston hududida barqarorlik bo’lishidan manfaatdor. Shuning uchun maxsus anjuman davomida Afg’oniston rivoji uchun bizning ko’maklashish imkoniyatimizni muhokama qilish maqsadga muvofiq”, - deydi Vladimir Putin.

2009 yilda ShHTga a’zo davlat rahbarlarining yig’ilishi Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o’tishi e’lon qilingan.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov ShHT bosh kotibi tor milliy manfaatlarni emas, tashkilotga a’zo davlatlar manfaatlarini ko’zlashi zarurligini bayon qilgan. Islom Karimov ham Afg’oniston muammosiga to’xtalgan.

“Afg’onistondagi vaziyat tarangligicha qolmoqda, chunki Tolibon kabi diniy-ekstremistik kuchlar faoliyati, narkotraffik muammosi davom etmoqda. Afg’onistondagi vaziyat Markaziy Osiyoda bevosita aks etmoqda. Muammoni birgalikda hal qilish mumkin”, - deydi O’zbekiston prezidenti.

Islom Karimov, shuningdek, mintaqadagi suv zahiralaridan unumli foydalanish yo’lga qo’yilmas ekan, bu muammo nizoga sabab bo’lishi ehtimolidan xavotir bildirgan.

Tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Pokiston Tashqi Ishlar vaziri Xurshid Mahmud Kashiri o’z mamlakatining terrorizmga qarshi kurash hamda iqtisodiy hamkorlik samaradorligini ta’minlash uchun ShHTga a’zo bo’lish istagini bildirgan.

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham hamkasblari singari terrorizm muammosi, narkotraffik, axborot hamda ekologik xavfsizlik masalalariga to’xtalgan. U yig’ilganlar diqqatini asosan mintaqada Energetika Klubini yaratish mavzusiga jalb qilgan.

Rossiya, Markaziy Osiyo va Xitoyni bir-biriga bog’lovchi quvurlar tizimi umumiy energetik bozorni yaratish uchun imkoniyatdir”, - deydi Nazarboyev.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod ShHT bilan hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qilgan bo’lsa, Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov o’z mamlakatining ShHTga nisbatan hurmatini izhor etgan. Mo’g’uliston asosan iqtisodiy hamkorlikdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Mahmud Ahmadinejod AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasini tanqid ostiga olgan. Ushbu reja, deydi u, Osiyo davlatlariga tahdiddir. AQSh esa mudofaa tizimini aynan Eron kabi davlatlardan himoya vositasi deb biladi.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay esa ShHT a’zolarini narkotraffikka qarshi kurashga ustivor yo’nalish sifatida e’tibor qaratishga da’vat qilgan. Buning uchun umumiy reja zarur, deydi Karzay. Shu bilan birga, Hamid Karzay AQSh qo’shini Afg’onistondagi barqarorlik garovi ekanini ta’kidlagan.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kelasi yili Dushanbeda Afg’oniston bilan iqtisodiy hamkorlik qilish bo’yicha xalqaro anjuman o’tkazishni taklif qilgan. ShHTga 2008 yilda raislik qilish vakolati Tojikistonga o’tgan. Navbatdagi sammit ham Dushanbeda o’tkaziladi.

Sammitda tashkilotga a’zo Rossiya, Xitoy, Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikiston davlat rahbarlari, shuningdek, tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Eron va Mo’g’uliston prezidentlari qatnashgan.

17 avgust kuni Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidagi Chebarko’l shahrida ShHT davlatlari harbiylari ishtirokida qo’shma aksil-terror o’quv-mashqlari o’tkazilishi kutilmoqda. Bu mashqlarni ShHTga a’zo davlat rahbarlari to’la tarkibda kuzatadi.

XS
SM
MD
LG