Breaking News

AQSh matbuoti: Qozog'iston yana bir xalqaro mashmasha yoqasida


“Nyu-York Tayms” gazetasida chiqqan maqolaga ko’ra Qozog’iston xavfsizlik kuchlari 2005 yilgi prezident saylovlarida xalqaro kuzatuvchilarga ta’sir o’tkazish maqsadida qator amaliyotlar qo’llagan.

Gazetada yozilishicha, o’tgan oydan buyon Qozog’istonda ishlaydigan xorijiy diplomatlar orasida ungacha maxfiy deb hisoblangan hujjatlar qo’ldan-qo’lga o’tgan. Ma’lumotlarga ko’ra, hujjatlar deganda Qozog’iston Xavfsizlik xizmatining o'sha paytdagi raisi va prezident Nazarboyev o’rtasidagi maxfiy xatlar nazarda tutilmoqda.

Unda 2005 yilgi prezident saylovlari davomida xalqaro kuzatuvchilarga nisbatan ba’zi harakatlar sarhisob qilingan. Xususan hukumatni maqtovchi va muxolifatni qoralovchi ma’lumotlar to’plangan va ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilgan, ishdan so’ng kuzatuvchilarni hordiq chiqarishga olib chiqilgan. Natijada kuzatuvchilar raqib guruhlarga bo’lingan. Shunga qaramay, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilarining saylovlar bo’yicha xulosasi salbiy bo’lgan.

AQShdagi qozog’istonlik diplomatlardan biri hujjatlar soxta demoqda. Hujjatlar mazmuni bilan tanishib chiqqan xorijiy diplomatlar esa fikr bildirishga shoshilmayapti, deb yozadi "Nyu-York Tayms”.

Gazetada keltirilishicha, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi hududida saylovlarni kuzatish uchun alohida guruh tuzilgan va bu guruhning asosiy maqsadi saylovlar natijalariga hamisha ijobiy baho berib, g’arb kuzatuvchilari ishini izdan chiqarish.

AQShning yana bir gazetasi “Vashington Tayms” Shanxay Hamkorlik Tashkiloti AQShga mintaqa ishlariga aralashmaslikka sha’ma qilmoqda, deb yozadi.

Bishkekda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etgan Xitoy va Rossiya hamda kuzatuvchi sifatida taklif etilgan Eron "Markaziy Osiyo o’z holiga qo’yilishi kerak, mintaqa o’z xavfsizligi va barqarorligini o’zi ta’minlashga qodir", degan. Kuzatuvchilar nazarida bayonot Qo’shma Shtatlarga qarata aytilgan.

Sammit nihoyasida qabul qilingan bayonotda “mintaqa davlatlari mavjud mintaqaviy uyushmalarga asoslanib o’z xavfsizlik muammolarini birgalikda hal qilgani afzalroq” deyiladi.

Eron prezidenti Mahmud Ahmedinejod AQShning Yevropada raketa hukumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasini tanqid ostiga oldi. Rossiya prezidenti o’z nutqida AQShni tilga olmagan bo’lsa-da, global va mintaqaviy muammolarni bir tomonlama hal qilib bo’lmaydi, deya AQSh tashqi siyosatiga ishora qilgan.

XS
SM
MD
LG