O'zbekistondagi diniy ahvol xalqaro konferensiyada tilga olinmadi


O`zbekistonda yaqinda bo’lib o’tgan islom xalqaro konferensiyasi musulmon dunyosi e’tiborini jalb qilgan. Lekin huquq himoyachilarining aytishicha, mamlakatdagi diniy muammolar imkon qadar sir tutilmoqda.

Toshkent va Samarqandda o`tgan konferensiya O`zbekiston matbuotida keng yoritilmoqda. Toshkentga 2007 yildagi islom madaniyati poytaxti sifatida ramziy kalit va O`zbekiston prezidentiga UNESCO [BMTning Ta’lim, ilm-fan va madaniyat agentligi] oltin medallari topshirilgan.

Konferensiyada asosan tarixiy haqiqat - o`zbekistonlik allomalarning islom rivoji uchun qo`shgan hissasi, mavjud diniy manbalar, ziyoratgohlar va tarixiy obidalar haqida muhokama borgan.

Konferensiyada arab davlatlari ligasi, Xalqaro islom tashkiloti, UNESCO kabi tashkilot rahbarlari va 30 dan ortiq mamlakatdan taklif etilgan ulamolar qatnashdi.

Ekspertlarga ko`ra islom xalqaro konferensiyasining O`zbekistonda o`tishi mamlakatdagi hozirgi diniy, siyosiy vaziyat bilan kelishmaydi.

Xalqaro miqyosda O`zbekiston ko`proq diniy cheklovlar mavjud davlat sifatida e`tirof etiladi. Inson huquqlari tashkilotlarining hisobotlarida O`zbekistonda o`z e`tiqodi uchun qamalgan minglab tutqunlar mavjudligi ta`kidlab o`tiladi.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov fikriga ko’ra, islom dunyosidan yig`ilgan ulamolar birinchi navbatda qamoqda saqlanayotgan minglab o`zbek musulmonlari taqdiri haqida o`z fikrlarini bildirishlari lozim edi.

O`zbekiston aholisi asosan musulmonlar, deydi Ikromov, shunga qaramasdan turli oqimlarga a`zolikda ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinganlar ko`p. Ular orasida ayollar bor, qiynoqlar qo`llanilmoqda. Shunday paytda qanday qilib Toshkentni islom poytaxti deb e`lon qilinishi tushunarsiz.

“Ularga nisbatan bo`layotgan qiynoqlar, diniy ta`qiblar masalasida lom-lim deyilmadi, ularni bundan xabari yo`qmi, bilib turib shuday qilyaptimi, bu menga qorong`u. Go`yoki O`zbekistonda hammasi osoyishtadek ko`rsatishga harakat qilyapti. O`zbekiston hukumati buning uchun katta mablag` ishlatgan”, - deydi Surat Ikromov.

Konferensiya ishtirokchilari bilan uchrashgan O`zbekiston prezidenti islom dunyosiga nimalar halaqit berayotgani, bu savolga javob berish eng muhim masala ekanligi haqida gapirgan.

“Shu masalalar atrofida mamlakatlarimiz yoshlarini birlashtirsak, aqidaparastlikka tushib qolgan yoshlarimizni qutqarishga yo`l topamiz”, - dedi prezident Islom Karimov.

Prezident konferensiya ishtirokchilarining bu boradagi muhokamalari bilan qiziqqan va xulosalarning hujjatlarda ifodalanishini ta`kidlab o`tgan. Konferensiya qatnashchilarining O`zbekistondagi hozirgi diniy siyosiy vaziyat, jumladan e`tiqodi uchun qamoqqa tashlanayotgan musulmonlar haqidagi fikrlari ma`lum emas.

Matbuotda bu haqda berilgan ma`lumotlar ishtirokchilarning O`zbekistonda tarixiy obidalarga ko`rsatilayotgan e`tibor haqidagi fikrlari bilan cheklangan.

Kuzatuvchilar konferensiya maqsadini diniy ta`qiblar bilan tanilgan O`zbekiston haqidagi tasavvurlarni o`zgartirishga qilinayotgan harakat sifatida ham baholashadi.

Huquq himoaychisi Surat Ikromov nazarida O`zbekiston nufuzi faqat diniy ta`qiblar to’xtagandagina tiklanishi mumkin.

“Bir yoki ikki kishi emas, bu minglab-minglab qamalganlar, yoki ozodlikdagilarga ta`qiblar haqida, sudlar borgan sari ko`payayapti. O`zbekistonning yo`li bitta -repressiyani to`xtatish, qamalganlarni ozod qilish, faqat shu O`zbekiston obro`si uchun ijobiy bo`ladi. Bu yerda diniy ulamolar konferensiyasi o`tadimi-yo`qmi, oyni etak bilan yopib bo`lmaydi”, - deydi Ikromov.

Tasdiqlanmagan ma`lumotlarga ko`ra, O’zbekistonda 10 mingdan ortiq kishi e`tiqod tufayli uchun qamoqqa tashlangan. Rasmiy Toshkent ularni ekstremizm va aqidaparastlikda ayblaydi. Huquq himoyachilariga ko`ra esa ularning aksariyati namoz o`qiydigan oddiy musulmonlar.

O`zbek muxolifati hukumatni diniy ekstremizm tahdidini bo`rttirishda va bundan siyosiy maqsadlarda foydalanayotganlikda ayblab keladi.

XS
SM
MD
LG