AQSh Eron Inqilobiy Gvardiyasini terrorchi tashkilot deb belgilamoqchi


AQSh Eronning Inqilobiy Gvardiyasini terrorchi tashkilot deb belgilash niyatida. Agar bu reja amalga oshirilsa, AQSh ilk bor xorijiy davlat qurolli kuchlarini qora ro’yxatga kiritgan bo’ladi.

Qo’shma Shtatlar nazarida Eron Inqilobiy Gvardiyasi a’zolarining yadro dasturida qo’li bor. Shuningdek, bu harbiylar Iroqqa qurol-yarog’ yetkazayotganlikda gumon qilinadi.

Eron Inqilobiy Gvardiyasi terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritilsa, unga qarshi moliyaviy sanksiyalar qo’yiladi. Oq uy rasmiylari hozircha bu haqda to’liq ma’lumot berishdan bosh tortayapti, chunki reja hamon muhokama ostida. Eron qurolli kuchlarining eng sara qismi hisoblangan Inqilobiy Gvardiyani, AQSh terrorda ham ayblaydi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, Eron gvardiyasi Iroqdagi jangarilarni qo’llab-quvvatlaydi, Tolibonga qurol yetkazib turadi hamda Hizbulloh kabi tashkilotlar bilan aloqada.

Inqilobiy Gvardiya AQSh prezidenti qarori bilan terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritilgan taqdirda, uning AQShdagi mablag’i muzlatiladi, amerikaliklarga bu guruh bilan aloqa qilish man etiladi. AQSh, shuningdek, xalqaro bank va moliyaviy tashkilotlardan Eron bilan aloqani cheklashni so’ramoqda.

Maqsad, deydi AQSh rasmiylari, atom dasturini davom ettirish va terrorizmni quvvatlash Eron manfaatlariga zarar yetkazishini uqtirish.

BMT Xavfsizlik Kengashida ham Eronga qo’shimcha sanksiyalar qo’yish taklifi muhokama qilinyapti.

XS
SM
MD
LG