Breaking News

O'zbekistonda mingdan ortiq korxona sotiladi, qiziqqanlar bormi?


O`zbekistonda xususiylashtirish, chet eldan sarmoya jalb qilishga qaratilgan yangi dastur qabul qilinib, mingdan ortiq korxona sotilishi belgilangan. Biroq bu korxonalarni kim sotib olishi savol ostida. Ayrim mutaxassislar nazarida O’zbekistonda biznes qilishga qiziqayotgan investorlar juda kam.

Sotilishi rejalangan korxonalarning aksariyati muhim strategik ahamiyatga ega ekani aytilmoqda.

Kimyo, qurilish, elektr quvvati, neft va gaz sohalaridagi ayrim korxonalar investitsion majburiyatlar bajarilgan taqdirda davlat nazorat paketlarigacha sotilishi ko'zlanadi.

O`zbekiston Davlat Mulk Qo`mitasi asosan chet el investitsiyasiga mo`ljallangan 70 ga yaqin korxonalar ro`yxatini ham e`lon qilgan.

Mustaqil ekspertlar fikricha esa O`zbekistonda investitsion muhit qoniqarsiz va yuqoridagi reja samara bermaydi.

O`zbekiston Davlat Mulk Qo`mitasiga ko`ra 2006 yilda O`zbekistonga 29,124,51 AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilgan.

Qo’mita matbuot xizmati boshlig`i Ulug`bek Vohidovning aytishicha 2006 yilda kelgan sarmoyaning 31 foizi AQShga, 25 foizi esa Yevropa Ittifoqiga tegishlidir.

“Rossiya hisobiga 18 foiz investitsiya to`g`ri keladi. Ta’kidlash kerakki, hozirda Rossiya, Xitoy, shuningdek, Qozog`iston, Indoneziya va Osiyoning boshqa mamlakatlari tomonidan O`zbekistondagi obyektlarni sotib olishga bo`lgan qiziqish kuchaymoqda”, -deydi Ulug`bek Vohidov.

Ekspert Toshpo’lat Yo`ldoshev nazarida esa O`zbekistondagi investitsiya ko`rsatkichlari qo`shni Qozog’iston bilan solishtirganda o`ta past darajada.

Uning fikricha chet ellik sarmoyadorlar O`zbekistondagi ahvoldan cho`chiydi.

“Chunki bizda siyosiy [xavf] kuchli, uni hech kim bartaraf qila olmaydi. Ichki investorlarning o’zi qanday qilib bo`lmasin, pullarini chet elga olib chiqish, qochib ketish payida yuribdi”, - deydi u.

O`zbekiston Davlat Mulk Qo`mitasiga ko`ra xorijlik sarmoyadorlar uchun imtiyozlar belgilangan va ularning huquqlarini kafolatlovchi qonuniy hujjatlar qabul qilingan.

Ayrim korxonalarning investitsiya majburiyati bajarilgan taqdirda tekinga berilishi qayd etiladi.

“Bugun menga tekinga berdi. Kerakli talablarni bajara olmadim, qaytarib oldi. Ertaga boshqasiga berishi, yana olib qo`yishi mumkin. Ya’ni qaytarib olish huquqlari faqatgina hukumat qo`lida. Shu bois ozgina siyosatdan, huquqdan xabari bor tadbirkor bunga bosh qo`shmaydi”, - deydi Toshpo’lat Yo’ldoshev.

Tahlilchilar nazarida O`zbekiston iqtisodiyoti chet el sarmoyasiga o`ta muhtoj. Mablag' yetishmasligidan korxonalar yopilishda davom etmoqda.

O`zbekiston, aholisining ko`pligi, ish kuchining arzonligi va iste`mol bozori kengligi bilan ham sarmoyadorlar uchun manfaatli mamlakat.

Faqat huquqiy kafolatning yo`qligi, hukumat aralashuvi va bank-moliya tizimining erkin emasligi investorlarni cho`chitib kelayotgan sabablardan ekanligi ta`kidlanadi.

XS
SM
MD
LG