Breaking News

AQShda oliygohga kirish uchun imtihonlar va talablar


Qo’shma Shtatlarda maktabni bitirayotgan o’quvchi oliygohga kirmoqchi bo’lsa, SAT testidan o’tishi shart.

Lekin keyingi yillarda o’quvchining umumiy bilimini sinovdan o’tkazuvchi bu testlar Amerikada universitetga kirish uchun eng muhim omil emas. AQShda qariyb 700 universitet va kollej yoshlardan bu xildagi test yoki uning baholarini talab qilmay qo’ygan.

Uch soat va 45 daqiqadan iborat SAT imtihoni bolaning maktabda olgan bilimini tekshirishga mo’ljallangan bo’lib, matematika, o’qish va yozish bo’limlaridan iborat. Bu imtihonni har yili ikki milliondan ortiq talaba topshiradi.

Testni o’tkazuvchi Kollejlar Kengashi mutaxassislari ta’biricha, SAT imtihoni kollejda zarur bo’lgan qobiliyatlar, ya’ni tanqidiy fikrlash, hisob-kitob va yozishni tekshiradi.

Oxirgi yillarda universitetga qabul shartlari o’zgara boshladi. Adolatli va Ochiq Test Markazi bu xildagi standart-andozali imtihonlarni bekor qilish yo’lida targ’ibot ishlarini olib bormoqda.

“Mustaqil tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki",- deydi markaz rahbari Robert Sheffer, "SAT imtihoni aksariyat hollarda noxolis baho beradi, o’quvchi qobiliyatlarini aniq tekshirib bera olmaydi”.

Kollejlar Kengashi quyidagi ma’lumotni taqdim etgan:

“Qo’shma Shtatlarda 25 mingga yaqin maktab bor. Standart andozadagi test sanalmish SAT imtihoni ko’psonli o’quvchilar orasidan tanlab olish imkonini beradi. Kollejlar Kengashi o’quvchi bilimini belgilovchi omillar – bu standart test hamda maktabda qo’yilgan baholar ekanini tan oladi. Biroq maktablarda bahoni ko’tarib qo’yish holatlari keng tarqalgani bois test natijalarining ahamiyati oshib bormoqda”.

Tanqidchilar fikricha topish-tutishi yaxshi oila farzandlari SAT testi tayyorlov kurslariga qatnash uchun pul topa oladi. Daromadi kamroq oiladan chiqqan talabadan farqli ravishda. Test va imtihonlar o’quvchini asabiylashtirib, boshqa muhim faoliyat va qiziqishlarni tashlashga majbur qiladi, deydi ular.

"Shu bois",- deydi Xoli Kross kolleji qabul bo’limi rahbari An Makdermot, "biz kirish shartlarini yengillashtirib, SAT testini ixtiyoriy qilib qo’ydik".

Biroq yirik va nufuzli universitetlarda tanlov yuqori bo’lgani sababli ular bu kabi testlarni bekor qilishi mushkul.

Meyn shtatidagi Beyts Kollejida ikki mingdan kam talaba o’qiydi. Kollej SAT imtihonini 20 yil oldin bekor qilgan deydi ta’lim maskani rasmiysi Uiley Mitchel. "Test topshirgan va topshirmagan talabalarning ko’rsatkichida deyarli farq yo’q".

Pensillvaniyadagi Lafayet san’at kolleji 1995 yilda SAT imtihonini ixtiyoriy qilib qo’ygan. Oradan besh yil o’tib, test yana majburiy qilib belgilangan.

Kollej qabul direktori Karol Roulandsning aytishicha, o’quvchining maktabdagi baholari va faoliyati muhim bo’lsa-da, test natijalari uning salohiyatini to’liq tasavvur qilishga yordam beradi. Ma’lumot qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi.

Xorijlik talabalar masalasiga kelganda Adolatli va Ochiq Test Markazi rahbari Robert Sheffer ingliz tilini bilish va TOEFL kabi maxsus imtihonlarni topshirish g’oyat muhim deb hisoblaydi.

“Har bir xorijlik talaba qaysi universitetga hujjat topshirishiga qarab, u yerdagi qabul shartlarini diqqat bilan o’rganib chiqishi zarur”.

Bugungi kunda AQShda SAT testini topshirmayotganlar ko'p. Biroq bu - o’quvchilar qalam-daftarni bir chetga yig’ishtirib qo’yishi mumkin degani emas. Aksariyat ta’lim maskanlarida bu imtihonlar hamon majburiy.

XS
SM
MD
LG