AQSh: Iroqda hukumatni xalqning o'zi yangilay oladi xolos


Prezident Jorj Bush nazarida Iroqda siyosiy o’zgarishlar juda sekin kechmoqda, biroq AQSh hech qanday bosim o’tkazmoqchi emas.

"Iroqda kim hukmron bo’lishini xalqning o’zi hal qiladi",- deydi Bush.

AQShning yetakchi demokrat senatori Iroq bosh vazirini yangilash kerak deb chiqmoqda.

Senator Karl Levin fikricha Nuri al-Maliki noqobil bosh vazir. Mazhablararo nifoqlarga chek qo’ya olmayotgani uchun ham ishdan olinishi kerak, deydi u. Karl Levin AQSh Senatining Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasiga raislik qiladi.

Prezident Bush esa bu talabni Amerika qonunchilari emas, faqatgina Iroq xalqining o’zi qo’yishga haqli deydi.

"Iroq bugun Yaqin Sharqda eng zamonaviy konstitutsiyaga ega. Demak, hukumat unga qanday vakolatlar va majburiyatlar topshirilganini bilishi kerak. Iroqning amaldagi ma’muriyatidan to’yganlar ko’pligini bilamiz",- deydi Bush.

Agar hozirgi hukumat ishni eplay olmasa, deydi AQSh prezidenti, Iroq xalqining o’zi uni o’zgartirishiga ishonchimiz komil.

Iroqda xalqning AQShdan ham qattiq norozi ekani tilga olinadi. Yaqinda Bag’dodda bo’lib qaytgan senatorlarning aytishicha, iroqliklarning umidi puchga chiqqan. Harbiy yutuqlarga erishyapmiz, lekin bu bilan Iroq tinchimayapti, deydi respublikachi senator Jon Vorner.

Vashingtonda tanqidlar yangrar ekan, Nuri al-Maliki Suriyaga tashrifini yakunlagan. Maliki fikricha Iroqda tinchlikni tiklash va xalq hayotini yaxshilash uchun qo’shni davlatlar, jumladan Eron va Suriya bilan aloqani kuchaytirish kerak. AQShning so’nggi tanqidiga Maliki javob bermagan.

XS
SM
MD
LG