O'zbekistonda vaziyat "turg'un va mavhum"


International Crisis Group (ICG), jahon bo’ylab bo’hronlarning oldini olish uchun izlanadigan tashkilot, O’zbekiston rahbari Islom Karimov lavozimidan ketishi bilan mintaqaviy beqarorlik vujudga kelishi mumkin deya ogohlantirmoqda.

O'zbekiston xalqaro hamjamiyatga qaratilgan bu ogohlantiruvga nisbatan rasman munosabat bildirmagan.

Biroq O'zbekistondagi ayrim siyosiy sharhlovchilar nazarida xalqaro tashkilotlar vahima va shov-shuv ko'tarishga usta.

Muammolar borligi aniq, lekin G'arb ularga yechim topishda yordam berish o'rniga tanqid qilishni ma'qul ko'rishi kishini umidsizlantiradi, deydi o'zbekistonlik tahlilchilardan biri.

O’zbekiston: Turg’unlik va Mavhumlik deya nomlangan hisobotda aytilishicha, Andijon fojeasidan ikki yil o’tib, nafaqat O’zbekiston balki butun Markaziy Osiyo bo’ylab noaniq bir siyosiy holat hukmron.

President Karimovning muddati tugagan, biroq endi nima bo’lishi noma’lum. Omma prezidentlikka kimning nomzodi qo’yiladi, saylov qachon bo’ladi, bo’ladimi-yo’qmi deya o’ylanib qolgan. Karimov hokimiyatni tark etgudek bo’lsa, hozirgi vaziyat tinchlikka yetaklamaydi, deydi Xalqaro inqirozlar bo’yicha tashkilotning Osiyo bo’yicha rahbari Robert Templer.

“Siyosiy kelajak noaniq. Xalq amaldagi tuzumni quvvatlayotgani yo’q, balki undan qo’rqib yashamoqda”,- deydi Templer.

Hisobatga ko’ra Turkmanistonda Saparmurod Niyozovning vafotidan so’ng hokimiyat tinch yo’l bilan o’zgardi.

O’zbekistonda bunday bo’lmasligi mumkin. “Mamlakat iqtisodiyoti paxta, oltin, tabiiy gaz kabi mahsulotlar eskporti evaziga kun ko’radi. Biroq ulardan tushgan daromad, xalqqa emas, kichik bir guruh cho’ntagiga boradi. Prezident qizi Gulnora Karimova o’z biznes imperiyasini kengaytirish uchun zulm o’tkazishdan toymay qolgan”,- deyiladi hisobotda.

Chetdan kelayotgan sarmoya miqdori kamaygan. Xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi tashkilot tahlilicha, xorijiy tadbirkorlar, hatto Rossiya va Xitoy biznesmenlari ham O’zbekistonga pul kiritish ma’qulmikan deya o’ylanib qolgan.

Inson huquqlari uchun kurashib qamoqqa tashlangan kishilardan ikki nafari ozodlikka chiqarildi, biroq bu bilan O’zbekistonda huquq ahvoli tuzalib qolgani yo’q, deyiladi tashkilot tahlilnomasida.

Unga ko’ra, vaziyatni tuzatish ko’p jihatdan xalqaro hamjamiyat zimmasida. Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga nisbatan amaldagi sanksiyalar olinishi uchun mamlakatda nohukumat tashkilotlarga erkinlik berilishi, so’z va matbuot erkinligi hurmat qilinishi va xalqaro tashkilotlarga yo’l berilishi lozim.

O’zbekiston iqtisodiyotini xalq uchun xizmat qilishini ta’minlash ham tashqi dunyo qo’lida. Toki iqtisodiy tizim oydinlashsin, uni tebratayotgan jinoiy guruhlar ildiziga bolta urilsin hamda ularning chet eldagi mulklari nishonga olinsin, deya tavsiya qiladi Xalqaro inqirozlar bo’yicha tashkilot.

XS
SM
MD
LG