Ukraina rahbari konstitutsiyani yangilashga chaqirmoqda


Ukraina rahbari Viktor Yushchenko prezidentlik vakolatlarini tiklash uchun konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritishini bildirmoqda.

Mamlakatdagi siyosiy kelishmovchiliklarga nuqta qo’yish uchun sentyabr oxirida parlament saylovlari o’tishi belgilangan.

Prezident Yushchenko konstitutsiyani o’zgartirish qarorini Ukraina mustaqillik bayrami tadbirida e’lon qilgan. Kiyevdagi Avliyo Sofiya cherkovi oldida so’zlar ekan, bosh qonunga o’zgartirishlar parlament saylovlaridan so’ng kiritilishini aytgan.

Bundan uch yil oldin, Ukraina parlamenti prezident vakolatlarining bir qismini bosh vazirga uzatishni yoqlab ovoz bergan edi. Bu, prezident Yushchenko va Bosh vazir Viktor Yanukovich o’rtasida keskinlikka sabab bo’lgan.

Mojaroga nuqta qo’yish uchun ikkala rahbar yil oxirida parlament saylovlarini o’tkazishga kelishib olgan edi. Prezidentning ta’kidlashicha, Ukrainada islohotlar joriy etilishi, mamlakat NATO va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini mustahkamlashi kerak.

“Siyosiy o’yinlar korrupsiyaning kuchayishicha, yoshlar ongining zaharlanishiga olib keldi. Poraxo’r siyosatchilar taraqqiyotga yo’l bermayapti. Shu bois, mamlakatga yangi konstitutsiya kerak,” - deydi Viktor Yushchenko.

30 sentyabrga belgilangan parlament saylovlari – oxirgi 3 yil mobaynida o’tkaziladigan to’rtinchi saylovdir. Ommaviy so’rovlar Bosh vazir Viktor Yanukovichning “Regionlar” partiyasi ko’proq ovoz to’plashini ko’rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG