AQShdagi universitetlar reytinglari – talabaning kompasi


O’zbekiston oliy o’quv yurtlarida o’qish bahosi yil sayin osmonga chiqmoqda. To‘lab o’qiyotganlar tekinga ta’lim oladiganlarga qaraganda bir yarim baravar ko’p. Masalan, o’tgan yili O’zbekistonda taxminan 50 ming abituriyent bakalavrlikka qabul qilingan bo’lsa, shulardan qariyb 30 ming nafari kontrakchilar, 20 mingi davlat hisobidan tahsil oladiganlar.

O’qish qimmat bo’lsa, talabaning ta’limga munosabati ham o’zgarar ekan. Hozir yoshlar masalaga amaliy jihatdan yondashmoqda. Bugungi talaba birinchidan “Bunday diplom bilan kelajakda ish topa olamanmi”? - deb o’ziga savol beradi.

Deylik, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetiga kirsam, deydi talaba, ikkinchi bosqichdayoq biror kompyuter firmasidan ish topaman. Qarabsizki, 2-3 yilda to’langan pulning hissasini undirib olish mumkin.

Neft-gaz sohasida karyera qilmoqchi bo’lganlar hozir Rossiya Neft va Gaz Universitetining Toshkentda ochilgan bo’limiga kirishi mumkin. Tabiiy zaxiralarga boy O’zbekistonda bu soha egalariga ish topilishi muqarrar.

Biznes boshqaruvi, moliya sohasiga qiziqqanlar uchun Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti, Toshkent Moliya Instituti va Vestminster Universiteti bor.

Tog’ri-da, baribir pul to’lanar ekan, bu mablag’ bekorga sarflanmayotgani haqida ham qayg’uradi kishi.

Lekin o’qishga kirmasdan turib, buni qayerdan bilish mumkin? Universitetdagi domlalar qanday? O’qish sifatichi? Darslar to’liq berib boriladimi? Mana shu universitetni bitirganlar qayerlarda ishlamoqda? Ma’ruzalarni nomi chiqqan professorlar o’tadimi yoki kecha universitetni bitirgan aspirantlarmi? Amaliyot o’tash masalasi qanday yo’lga qo’yilgan?

Kimdir tanishlardan so’rab-surishtiradi, kimdir universitetni bitirganlardan.

Keling, xorij tajribasiga qaraylik.

Qo’shma Shtatlarda har bir universitet o’zining u yoki bu jihati bilan ajralib turadi. Masalan, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti biznes boshqaruvi yo’nalishida eng zo’r oliygohlar o’ntaligidan joy olgan. Uning bitiruvchilari eng sara kompaniyalarda ishlaydi deydi Kolumbiya Universitetida o’qiyotgan Farhod Murodov.

“Dunyodagi katta kompaniyalar sizga boshqa ko’z bilan qaraydi. Chunki Kolumbiya Universiteti talabalari juda tirishqoq, maqsadiga erisha oladigan, ekstraordinar shaxs deb hisoblanadi. Oyligi juda baland. Men ham biritishimdan oldin ishlash haqida taklif oldim”.

Indianadagi Batler Universiteti esa farmasevtika sohasida nom qozongan deydi o’zbekistonlik talaba Feruza Rahimova.

“AQShning eng yirik farmasevtika kompaniyalari Batler Universitetiga mablag’ kiritgan. Uning ko’pchilik bitiruvchilari keyinchalik ana shu sohada ishlab ketadi”.

Qo’shma Shtatlarda har yili eng sara universitetlar ro’yxati e’lon qilinadi. Reytingni matbuot omma fikriga binoan chiqaradi. Talabalar ana shu ro’yxatga qarab universitet tanlaydi. O’z navbatida yirik kompaniyalar ham shu reytinglarga asoslanib mutaxassislarni ishga yollaydi.

Yaqinda “Newsweek” haftalik jurnali AQShning u yoki bu jihati bilan farq qiluvchi 25 eng ilg’or, ta’lim olish muhiti qaynoq universitetlari ro’yxatini e’lon qildi.

Ulardan ayrimlarida to’xtalib o’tsak.

Nyu-Yorkdagi Kuper Yunion Ilm-fan va San’at institutining (Cooper Union for the Advancement of Science and Art, New York, N.Y.) o’ziga xos tomoni shundaki, bu yerda talabalar bepul ta’lim oladi. Biroq bor-yo’gi 1000 kishi o’qiydigan bu universitetda tahsil olish g’oyat mushkul. Asosan arxitektura, san’at va muhandislik sirlari o’qitiladi.

Los Anjelesdagi Kaliforniya Universiteti esa eng yirik ta’lim maskanlaridan (University of California, Los Angeles, California). 37 ming talabasi bor. Studentlarning o’qish ko’rsatkichi mamlakatda eng yuqorilaridan.

“Newsweek” jurnaliga ko’ra Garvard Universiteti (Harvard University, Cambridge, Massachussetts) qabul komissiyasi abiturientlarni eng o’tkir charxdan o’tkazuvchi ilm maskani. Garvard har yili hujjat topshirgan yoshlardan o’rtacha 91 foiziga rad javob beradi.

Ro’yxatda Meyn shtatidagi Beyts Kolleji (Bates College, Lewiston, Maine) ham tilga olinadi. Nima uchun deng? Talabalardan maxsus testdan o’tish talab qilinmaydi. Jumladan, yoshlarning maktabda olgan bilimini sinovdan o’tkazuvchi SAT testlari. Oliygoh uchun abiturientning shaxsiy qobiliyatlari eng muhimi.

Yuroqidagi ro’yxat va reytinglarni tuzishdan maqsad – yoshlarni, ota-onalarni, murabbiylarni va mutaxassislarni Amerika oliy ta’lim maskanlarining bugungi ahvolidan boxabar etish. Shuningdek, oliy ta’lim sohasiga mablag’ jalb qilish. Mablag’ bo’lsa, universitet o’zining moddiy-texnik bazasini muntazam yangilaydi, domlalarga vaqtida, yetarli maosh to’laydi. Yana bir muhim jihati, o’quv dasturini muntazam yangilab boradi.

Reytinglar, deydi mutaxassislar, universitetlar orasidagi raqobatni oshiradi. U universitet bu universitetdan nima uchun qolib ketayotganini ko’rsatadi. Raqobat esa oxir oqibatda ta’lim sifatini oshiradi.

XS
SM
MD
LG